Andijon viloyati delegatsiyasi Belarus Respublikasining Vitebsk viloyatida bo‘lib turibdi
2026-10-16 09:00:00 / Yangiliklar
Ayni kunlarda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasining Vitebsk viloyatida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya tashrifini Vitebskni ozod etish yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘zbekistonlik jangchilar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik belgisining ochilish marosimida ishtirok etishdan boshladi.
Marosimda Andijon viloyati delegatsiyasi a’zolari, Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi hamda O‘zbekistonning Belarus Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi ishtirok etdi.
Tadbir davomida tinchlik va ozodlik yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirilib, yodgorlik poyiga gullar qo‘yildi.
Mazkur xotira maskanida 17,9 ming nafardan ziyod jangchining nomi abadiylashtirilgan. Ularning 700 nafardan ortig‘i o‘zbekistonlik bo‘lib, qariyb 50 nafari andijonliklardir.
El-yurtidan olisda jasorat ko‘rsatgan ajdodlarimiz xotirasini e’zozlash, ularning qahramonligini yosh avlodga yetkazish bugungi tinch va osuda hayotning qadriga yetish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.





