Hokimiyat haqida

Uchtepa tumani 1977-yil 15-sentabrda Chilonzor va Oktabr (hozirgi Shayxontohur) tumanlarini ixchamlashtirish maqsadida, ular hududida yangi tuman sifatida tashkil etilgan. 2005-yilgacha Akmal Ikromov rayoni deb atalgan.
Mustaqillik yillarida joy nomlariga yangicha yondashuv va tarixiylikka katta e’tibor qaratilib, ushbu tuman nomi ham yangilandi va "Uchtepa" deb ataldi. Ushbu nom hududning tarixiy nomlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, tabiiy omil, ya’ni joyning relyefidan kelib chiqib berilgan. Tuman joylashgan hududda Uchtepa degan aholi maskani bo‘lgani XIX asr yozma manbalarida qayd etilgan.
Tuman hududi janub va janubi-sharqdan Zargarlik va Guliston ko‘chalari bilan boshlanib, g‘arb va shimoli-g‘arbda Katta halqa yo‘li orqali Qoraqamish kanalida tutashadi. Maydoni 28,08 kv.km. Aholisi 301,6 ming kishi. Ko‘chalari soni 659 ta, mahallar soni 60 ta.
Uchtepa tumanida respublika ahamiyatidagi me’moriy yodgorliklardan Cho‘ponota majmuasi (XVII asr), Foziltepa (V-X asrlar) arxeologiya yodgorligi, mahalliy madaniy meros obyektlaridan Said Vaqqos ota jome masjidi va boshqalar saqlangan.
