UCHTEPA TUMANI HOKIMI TABRIGI.
2026-09-01 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugun yurtimiz uzra barchamiz hayajon va cheksiz faxr ila kutgan, qalblarimizga quvonch va shukuh ulashgan eng ulug‘, eng aziz bayram – O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 35 yillik to‘yi har bir xonadonga, har bir oilaga kirib keldi.
Shu qutlug‘ va shukuhli damda barchangizni, sizlar orqali butun Uchtepa tumani ahlini ushbu buyuk ayyom bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Muhtaram yurtdoshlar!
Bundan 35 yil oldin xalqimiz o‘z taqdirining egasiga aylanib, jahon xaritasida yangi, mustaqil va hur davlat – O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘ldi. O‘tgan shu qisqa vaqt – tarix uchun bir lahza bo‘lsa-da, bugungi kunda yetib kelgan marralarimiz asrlarga tatigulik beqiyos yutuqlar bilan to‘la.
Bugungi kunda Yurtboshimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari nafaqat poytaxtimiz, balki jonajon tumanimiz qiyofasini ham tubdan o‘zgartirib yubordi.
Uchtepa tumani ham bugun obod, yashil, zamonaviy va farovon makonga aylanmoqda. Yangilangan xiyobonlar, zamonaviy maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, qurilgan ko‘p qavatli uylar va keng yo‘llar – bularning barchasi tinchlik va ozodlikning mevasidir.
Aziz do‘stlar!
Har bir bayram hisob-kitob, oldinga qo‘yilgan yangi marralarni belgilab olish pallasi hamdir. Uchtepa tumani o‘z salohiyati, mehnatkash, bag‘rikeng va azmu shijoatli xalqi bilan hamisha peshqadamlar qatorida bo‘lib kelgan.
Biz tumanimizda ta’lim va tarbiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarishga, farzandlarimizning barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi turmush farovonligini yanada oshirish – doimiy diqqat markazimizda. Mahallalarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumanimizni yanada yashil va fayzli hududga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz o‘z samarasini bermoqda.
Qadrli uchtepaliklar!
Bugungi shukuhli bayram kunida barchangizga mustahkam sog‘lik, oilalaringizga fayzu baraka, xonadonlaringizga tinchlik va xotirjamlik tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! Kelajak avlodlarimiz bundan ham buyuk marralarni zabt etib, Vatanimiz bayrog‘ini doimo baland ko‘tarib yurishlarida kuch-g‘ayrat tilayman.
Mustaqilligimizning 35 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin!
Hurmat ila,
Uchtepa tumani hokimi
Bunyod Mamadjanov
