Yengil sanoat va to‘qimachilik sohasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-11-05 16:55:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimligida hududda yetishtirilayotgan paxtani qayta ishlash jarayonlari, mavjud imkoniyatlar hamda bu boradagi muammo va kamchiliklarni muhokama qilish maqsadida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda bank-moliya muassasalari vakillari, tegishli organ xodimlari, yengil sanoat va to‘qimachilik sohasi rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Muloqot doirasida paxta xomashyosini to‘liq qayta ishlash, mahalliy salohiyatdan samarali foydalanish, to‘qimachilik mahsulotlarini chuqur qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va sohadagi barqaror ish o‘rinlarini ko‘paytirish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuvda tadbirkorlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammo va takliflarini bildirdilar. Xususan, xomashyo yetishtirish va qayta ishlash zanjiridagi qiyinchiliklar, kredit va moliyaviy resurslardan foydalanish, eksport jarayonlarini soddalashtirish kabi masalalar ko‘tarildi.
Mas’ullar tomonidan bildirilgan har bir masala bo‘yicha tegishli idoralar va mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi. Uchrashuv yakunida sohadagi islohotlarni jadallashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va viloyatda to‘qimachilik klasterlari faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berildi.
Uchrashuv ochiq va amaliy muloqot ruhida o‘tdi.
Muloqotda Prezidentning hududiy rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Ravshan Gulyamov va viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi.



