Bekobodda tabiatga 8 million so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
2025-10-20 15:00:00 / Atrof-muhit

Ijtimoiy tarmoqlarda “Sholikorda kuppa-kunduzi to‘k urib yuribdi” mazmunidagi video tarqaldi. Holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi, Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Bekobod tuman bo‘limi va Toshkent viloyati Bekobod tumani IIB bo‘limi bilan hamkorlikda o‘rganildi.
O‘rganish davomida Bekobod tumani “Yangihayot” MFY hududida fuqarolar M.U. hamda A.S. tomonidan “Sholikor” zovurida noqonuniy ov quroli, ya’ni elektr qarmoqdan foydalangan holda 1 dona “Kumush tovon balig‘i” noqonuniy ovlanganligi aniqlandi.
Mazkur holat sodir etilishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunining 3, 27-moddalari, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 34, 35-moddalari, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 49-moddasi talablari buzilgan.
Huquqbuzarlik oqibatida hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 80-son qaroriga asosan, 8 million 240 ming so‘mni tashkil etdi. Hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborildi.

