"Xatlov 2025": natijalari va huquqbuzarliklar bo‘yicha jamoatchilikka hisobot berildi
2025-07-14 17:25:00 / Matbuot anjumanlari

Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasida “Xatlov ishlari natijalari va aniqlanayotgan yerga oid huquqbuzarliklar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda mas’ullar tomonidan OAV vakillariga joylarda olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Ayni paytda viloyatdagi 1 025 ta mahallaning 558 tasini 2024–2025 yillarda xatlovdan o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ishlarga 200 dan ortiq kadastr muhandislari jalb qilingan. Bugungi kungacha 50 ming 803 ta obyekt xatlovdan o‘tkazilib, 18 871 tasi “E’tirof” dasturiga kiritilganligi qayd etildi.
Eng ko‘p xatlov Toshkent, Qibray, Zangiota tumanlari hamda Angren shahrida amalga oshirilgan. Shuningdek, 44 nafar fuqaroning uy-joyiga nisbatan egalik huquqi rasmiy ravishda e’tirof etilgan.
Joriy yil boshidan buyon 1 913 ta holatda yerga oid huquqbuzarliklar aniqlangani ham ma’lum qilindi. Anjumanda jurnalistlar mutaxassislardan mavzuga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.


