Rasmiy bayonot
2025-03-25 10:15:00 / Rasmiy bayonot

Bloger Olim Sulaymonovning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari yuzasidan rasmiy bayonot
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro Olim Sulaymonov tomonidan bildirilayotgan iddao va tanqidiy chiqishlari yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Olim Sulaymonov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida Toshkent viloyati hokimligi mutasaddilari, tashkilot rahbarlari, fermerlar, klasterlar tomonidan qonunga zid xatti-harakatlarar amalga oshirilayotgani haqida umumiy gaplardan iborat chiqishlar qilib kelmoqda.
Aslida Olim Sulaymonov o‘zi da’vo qilayotgan faol fuqarolik pozitsiyadan kelib chiqib, mazkur qonun buzilish holatiga doir bitta fakt, aniq misol bo‘lsa, huquq-tartibot idoralariga zudlik bilan murojaat qilishi lozim edi.
Biroq, Olim Sulaymonov o‘ziga yuqori lavozim berishni talab qilib, Toshkent viloyati hokimi, uning o‘rinbosarlari, matbuot kotibi, viloyatdagi boshqarma va tashkilot rahbarlari va boshqa davlat xizmatchilari faoliyatiga doir haqorat va tuhmatdan iborat so‘zlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali aytib kelmoqda.
Hech qanday faktlarsiz, aniq misollarsiz Toshkent viloyatidagi barcha darajadagi davlat xizmatchilari sha’nini yerga uruvchi, haqiqatdan yiroq bo‘lgan bunday gap-so‘zlar ma’muriy va javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Ta’kidlaymizki, Olim Sulaymonov Tashqi mehnat migratsiyasi Toshkent viloyati boshqarmasiga qasqa vaqt rahbarlik qilgan vaqtda, o‘zining boshqaruv sohasidagi noto‘g‘ri qarorlari, yondashuvlari, umuman, malaka talabiga javob bermagani tufayli ishdan bo‘shagan.
Davlat boshqaruvi sohasida ishlash imkoniyati berilganini noto‘g‘ri tushunib, rahbar shaxslarni obro‘sizlantiruvchi gaplar aytib, o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga obunachilarni ko‘paytirishni maqsad qilib, o‘z ishi qolib, faqat blogerlik faoliyati shug‘ullanib keldi.
Bir so‘z bilan aytganda, u berilgan imoniyatdan foydalana olmagan. U mas’ul lavozimda ishlab yurgan paytlarida migratsiyaga doir davlat siyosati mohiyatini tushunmasdan, mehnat migrantlari yoki ta’lim, dam olishga sayohatga borgan fuqarolar o‘rtasidagi farq va tafovutlarni ajratmay, umumiy raqamlarni noto‘g‘ri talqin qilib, ijtimoiy tarmoqlarda aholiga muntazam noto‘g‘ri ma’lumot berib kelgan.
Bu orqali hududda migrantlar bilan ishlashga doir umumiy ishga katta ziyon keltirdi. Qat’iyan ta’kidlaymizki, bu borada Olim Sulaymonov tomonidan aytilgan boshqa barcha gap-so‘zlar tuhmat va haqoratdan iborat.
Toshkent viloyati hokimligi jamoasi Olim Sulaymonovni bunday tuhmat va haqoratdan iborat gaplarini to‘xtatishga, ochiqlik siyosatini suiste’mol qilmaslikka chaqiradi. Yana bir marta ta’kidlaymiz, har qanday qonun buzarlikka doir aniq fakt yoki misol bo‘lsa, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishi lozim. Shaxsiy faraz va g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab gaplar aytish va tarqatish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka asos bo‘lishi haqida ogohlantiramiz.
