“Hokimlik soati”: kun tartibida qanday masalalar muhokama qilindi?
2026-09-28 14:55:00 / Ochiq muloqot

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev raisligida navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi.
Yig‘ilishda, avvalo, aholi daromadlarini barqaror oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligiga e’tibor qaratildi. Davlat rahbarining joriy yil 3 va 9-sentabr kunlari o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida viloyatda “Favqulodda rejim” e’lon qilingan.
Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, ayni paytda viloyatdagi 717 ming xonadonning 584 ming tasi, ya’ni 81 foizi xatlovdan o‘tkazilgan. Ushbu xonadonlar kesimida oilalarning daromad manbalari, bandlik holati va mavjud imkoniyatlari o‘rganilib, muammolarni manzilli hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 92 ta mahallaga viloyat darajasidagi rahbarlar biriktirilib, har bir hudud bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Hozirga qadar 71 ta mahallada, ya’ni 77 foizida amaliy ishlar boshlangan.
Shu bilan birga, 21 ta mahallada belgilangan vazifalarni to‘liq amalga oshirish ishlari hali yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.
Shu munosabat bilan mahallalarda har bir xonadon bilan individual ishlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, aholini doimiy daromad manbaiga ega qilish hamda kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha aniq natijaga yo‘naltirilgan yondashuvni kuchaytirish vazifasi belgilandi.
Yig‘ilishda yoshlar bandligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda ta’lim muassasalarini tamomlagan 77 ming 372 nafar bitiruvchining 72,5 ming nafari bandligi ta’minlangan.
Biroq 4,8 ming nafar yoshning, ya’ni 6 foizining bandlik masalasi hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Mas’ullarga ushbu yoshlarning har biri bilan individual ishlash, ularning bilim, kasb va qiziqishlaridan kelib chiqib munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik va kasb-hunarga jalb etish bo‘yicha manzilli choralarni kuchaytirish topshirildi.
“Hokimlik soati”da qayd etilganidek, asosiy mezon — bajarilgan ishlar soni emas, balki ularning odamlar hayotidagi aniq natijasi.
Shu bois har bir mahalla, har bir xonadon va har bir yosh kesimida belgilangan vazifalarning ijrosi nazoratga olinishi ta’kidlandi.
Muhokamalar yakunida kun tartibidagi har bir masala bo‘yicha mas’ul rahbarlarga aniq vazifa va muddatlar belgilab berildi. Topshiriqlar ijrosini ta’minlash, muammolarni ortga surmasdan joyida hal etish va belgilangan ishlarni sifatli hamda o‘z vaqtida yakunlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.









