Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanali marosimdagi NUTQI
2026-08-30 19:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Aziz mehmonlar, tantanali marosim ishtirokchilari!
Avvalo, barchangizni xalqimiz hayotidagi eng ulug‘ va muqaddas bayram — Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik shodiyonasi bilan chin qalbimdan tabiklayman!
Istiqlolimizning qutlug‘ to‘yi barchamizga muborak bo‘lsin!
Bu yilgi bayram yurtimiz bo‘ylab “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanayotganida juda teran ma’no bor.
Negaki, Vatan taqdiri, uning buguni va ertangi istiqboli barchamizni birlashtiradigan, ko‘p millatli xalqimiz uchun mushtarak bo‘lgan oliy qadriyatdir.
Bugungi notinch dunyoda — iqtisodiy tanazzul va tebranishlar davrida barchamiz ana shu buyuk maqsad atrofida birlashib, o‘z mehnatimiz, bilimimiz va bunyodkorlik salohiyatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda yangi hayot, yangi taraqqiyot barpo etmoqdamiz.
Hurmatli Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, so‘nggi yillarda yurtimizdagi asrlarga tatigulik o‘zgarishlarning haqiqiy muallifi mehnatkash va olijanob xalqimizdir!
Ana shu sharafli yo‘lda sidqidildan xizmat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz bayram munosabati bilan davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandilar.
Ular orasida viloyatimizning 30 ga yaqin vakili borligi barchamizni quvontiradi. Shu bilan birga, viloyatimizda turli sohalarda mehnat qilayotgan 3 mingdan ziyod hamyurtimiz “O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoniga munosib ko‘rildilar.
Fursatdan foydalanib, barcha mukofotlangan zamondoshlarimizni o‘zim va viloyatimiz jamoatchiligi nomidan samimiy qutlayman!
Aziz do‘stlar!
Bugun biz ona diyorimizning mustaqillik to‘yini munosib nishonlashga yig‘ilgan ekanmiz, bosib o‘tgan sharafli yo‘limizga nazar tashlashimiz tabiiydir.
O‘ttiz besh yil avval tug‘ilgan go‘dak bugun o‘zining mustaqil fikri, dunyoqarashi, orzu-istaklari va maqsadlariga ega shaxs bo‘lib ulg‘aydi.
Xuddi shu singari, jonajon O‘zbekistonimiz ham, o‘tgan davrda turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, o‘zining aniq maqsadi va yo‘li, pozisiyasiga ega bo‘lgan katta va qudratli davlat sifatida shakllandi.
O‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida sobiq sho‘ro davridagi markaziy gazetada chop etilgan bir suratga ko‘zim tushgandi. Bu surat-lavhada yuk mashinasi ortida ro‘zg‘or xaltalarini ko‘tarib, uzundan uzun navbatga turgan odamlar tasvirlangan. Surat tagiga esa “Qishloqqa parvarda keldi” deb yozilgan edi.
Qarang, o‘sha davrda oddiy oziq-ovqat va ro‘zg‘or mahsulotlari qanchalar tanqis edi, odamlar ularni olish uchun soatlab navbat kutardilar.
Bunga ko‘pchilikning, ayniqsa, yosh avlodning ishonishi qiyin. O‘zimizga bir savol beraylik: hayotimiz qanday o‘zgardi? Bu o‘zgarishni o‘z xonadonimizda, dasturxonimizda, farzandlarimiz ta’limi va kelajagida his etyapmizmi?
O‘ylaymanki, har bir xolis zamondoshimiz bugungi o‘zgarishlarni e’tirof etadi. Binobarin, bugungi kunlarning eng ishonchli guvohi ham, eng adolatli baholovchisi ham — aziz halqimizning o‘zidir.
Ayniqsa, so‘nggi 10 yilda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiliklarida tom ma’noda ijtimoiy, insonparvar va farovon Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan sobit bormoqdamiz.
Bu xayotbaxsh va moʻjizakor islohotlar yo‘li hayotimizni ham, ongu tafakkurimizni ham tubdan o‘zgartirib, inson qadrini davlat siyosatidagi eng ustuvor mezonga aylantirdi.
Hazrat Mir Alisher Navoiy bobomizning “Odamiy ersang...” deb boshlanuvchi mashhur hikmatli baytlarida aytilganidek, haqiqiy odamiylik — o‘z manfaatingni emas, el-yurt g‘ami va xalq manfaatini o‘ylab yashash, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilishdir.
Asrlar osha o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmagan mana shu umumbashariy g‘oya bugun davlatimiz siyosatining mazmun-mohiyatiga aylandi.
Yangi O‘zbekiston islohotlarining markazida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya barqaror bo‘lib turganiga hayotimizning istalgan jabhasida guvoh bo‘lmoqdamiz.
Joriy yilda viloyatimizda 48,3 mingta ehtiyojmand oilaga 31,7 milliard so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilib, ijtimoiy reyestrdagi 40 mingta oilaga 166,6 milliard so‘m nafaqa va ijtimoiy to‘lovlar amalga oshirildi.
Shuningdek, 1 ming 282 nafar bemorda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, ehtiyojmand oilalarning 220 dan ortiq xonadoni ta’mirlandi.
Bayram arafasida yana 40 nafar ehtiyojmand bemorning endoprotezlash operatsiyalari uchun 1,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani davlatimiz insonparvarlik siyosatining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Aziz yurtdoshlar!
Biz, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, Toshkent viloyatini zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan, ta’lim, turizm va inson kapitali rivojlangan, aholisi farovon yashaydigan hududga aylantirishga bel bog‘laganmiz.
Xabaringiz bor, hurmatli Prezidentimiz yaqindagina viloyatimizga tashrif buyurib, hududlarimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan yaqindan tanishdilar, xalqimiz bilan muloqot qilib, ulkan loyihalarga tamaltoshi qo‘yib berdilar.
Ayniqsa, mana shu muazzam maydondan turib, viloyatimizning yuragiga aylanib borayotgan yangi ma’muriy markaz bilan viloyatimiz ahlini qutlaganlari barchamiz uchun katta sharaf bo‘ldi.
Nurafshon Yangi O‘zbekistonning qanday bunyodkor va farovon kelajak sari intilayotganining o‘ziga xos timsoliga aylanmoqda, deb qayd etdilar hurmatli Prezidentimiz.
Darhaqiqat, Nurafshon aholisi avvalgi 29 mingdan bugun qariyb 60 ming nafarga yetdi.
Bu — shahar istiqboliga ishonchning, odamlar o‘z hayoti va farzandlari kelajagini shu navqiron shahar bilan bog‘layotganining, uni yashash uchun eng qulay hudud sifatida tanlayotganining yaqqol ifodasidir.
Shuni ham mamnuniyat bilan qayd etamizki, bugun viloyatimizda yalpi hududiy mahsulot hajmi 180 trillion 177 milliard so‘mga yetdi.
2017 yilda aholi jon boshiga daromad 6 million so‘mga ham yetmagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich qariyb 55 million so‘mni tashkil etayotgani iqtisodiyotimiz qanday darajada o‘sganini ko‘rsatib turibdi.
So‘nggi besh yilda viloyatga 16 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya jalb qilindi.
Eksport hajmining 3 milliard dollarga yaqinlashayotgani esa viloyatimiz xalqaro bozorlarda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi.
Tarixda birinchi bor yuzlab fermerlarimiz paxta hosildorligini 60 syentnerdan, g‘alla hosildorligini 100 syentnerdan oshirishga muvaffaq bo‘ldilar.
O‘n yil avval biror fermer g‘alladan yuz syentner, paxtadan oltmish-yetmish syentner hosil oldim, desa, bu gapga birov ishonmas edi.
Eng muhimi, biz endi faqat xomashyo yetkazib berish bilan cheklanmasdan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega, raqobatbardosh va eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘liga o‘tdik.
Bu esa viloyatimizni tom ma’noda yangi sanoat va innovatsiyalar, cheksiz imkoniyatlar hududiga aylantirdi.
Qadrli do‘stlar!
Xabaringiz bor, yaqinda hurmatli Prezidentimizning tadbirkorlar bilan Oltinchi ochiq muloqotlari bo‘lib o‘tdi.
Bu oddiy uchrashuv emas, balki mamlakatimizda tadbirkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ishbilarmonlar uchun yanada keng imkoniyat va ishonch muhitini yaratishga qaratilgan nihoyatda muhim muloqot bo‘ldi.
Unda barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash, eksportni ko‘paytirish, milliy brendlarni dunyoga olib chiqish, tadbirkorlikka ma’muriy bosimni keskin kamaytirish bo‘yicha aniq tashabbuslar ilgari surildi.
Bu vazifalar biz uchun ham aniq dasturilamal bo‘ldi.
Bugun viloyatimizda 54 mingta kichik biznes sub’yekti faoliyat yuritmoqda. E’tiborlisi, ularning 78 foizi — 42 mingtasi so‘nggi besh yilda tashkil etildi.
Kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi ham 2021 yildagi 48,3 foizdan 55 foizga o‘sdi.
So‘nggi besh yilda yillik tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan korxonalar soni 3 mingtadan 5,3 mingtaga, 100 milliard so‘mdan yuqori aylanmaga ega korxonalar 189 tadan 326 taga yetdi.
Joriy yilning o‘zida 5 ming 304 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilib, 452 ming nafar hamyurtimiz ishli bo‘ldi.
Kyecha biz xorijdan sarmoya kutgan bo‘lsak, bugun tadbirkorlarimiz chet davlatlarga sarmoya kiritib, yangi loyihalarni amalga oshirmoqda.
Xususan, 20 nafar tadbirkorimiz Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, AQSH va Birlashgan Arab Amirliklarida umumiy qiymati 184 million dollarlik investisiya loyihalarini amalga oshirib, xorijda 1 ming 235 ta yangi ish o‘rni yaratishga hissa qo‘shmoqda.
Umuman, yil yakuniga qadar yana 23 trillion so‘mlik 470 ta investisiya loyihasini ishga tushirib, qariyb 23,5 ming ish o‘rni yaratish, 3,5 milliard dollar investisiya o‘zlashtirish va sanoat o‘sishini 8,8 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.
Natijada jami 583 mingdan ziyod aholining bandligi ta’minlanib, yana 21,4 ming oila kambag‘allikdan chiqariladi.
Viloyatimizda aholini zamonaviy va qulay uy-joylar bilan ta’minlash borasidagi ishlar ham izchil davom etmoqda.
Bu yil 5 ta yangi “Yangi O‘zbekiston massivi” va renovatsiya dasturlari asosida 10 ming xonadonli 133 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Bugunga qadar salkam sakkiz ming xonadonli 96 ta uy foydalanishga topshirildi.
Xalqimizning qutlug‘ bayrami arafasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” doirasida viloyatimizdagi 883 ta mahalla qamrab olindi.
Tibbiyot, ta’lim muassasalari, ko‘chalar va xonadonlar atrofi tartibga keltirilib, ariqlar tozalandi, yo‘llar ta’mirlandi, ko‘chatlar ekildi, mahallalarimiz yanada fayzli va ko‘rkam qiyofa kasb etdi.
Eng muhimi, bu ezgu ishlarga hamyurtlarimiz hamjihatlik va fidoyilik bilan hissa qo‘shdilar. Bu borada Chinoz tumanidagi “Birlik”, Yuqori Chirchiq tumanidagi Xvan va Olmaliq shahridagi Furqat nomli mahallalarning faolligi alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Aziz bayram ishtirokchilari!
Farzandlarini bilimli, kasb-hunarli, vatanparvar qilib tarbiyalagan jamiyat hech qachon kam bo‘lmaydi. Har bir yoshning hayotda munosib o‘rin topishi uchun sharoit yaratish — biz, katta avlodning kelajak oldidagi eng ulkan mas’uliyatimizdir.
Bugun viloyatimizda xorijiy tillarni S1 darajasida o‘zlashtirgan yoshlarimiz soni qariyb 4 ming nafarga yetdi.
Olmaliqlik Akmal Imanqulovning IELTS imtihonidan mutloq maksimal hisoblangan 9 ball olgani — yoshlarimiz qanday yuksak marralarga intilayotganining yorqin misolidir.
Qibraylik 11-sinf bitiruvchisi Olovuddin Ergashev esa Angliyaning TOP-100 talikka kiruvchi beshta nufuzli universitetiga muddatidan oldin talaba bo‘ldi.
“Yosh kitobxon oila” tanlovining respublika bosqichida kitobxon farzandlar o‘stirayotgan chirchiqlik Eshonqulovlar oilasi mutlaq g‘olib bo‘lib, “Prezident sovg‘asi” — elektromobil bilan mukofotlandi.
Matematika bo‘yicha Parijda o‘tkazilgan Butun Yevropa qizlar Olimpiadasida bo‘kalik maktab o‘quvchisi Nihola Yo‘ldosheva bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Joriy yilda sportchi yoshlarimiz xalqaro nufuzli musobaqalarda 23 ta oltin, 41 ta kumush va 54 ta bronza — jami 118 ta medalni qo‘lga kiritdilar.
Ayniqsa, futbol va mini-futbol bo‘yicha viloyatimiz jamoalarining respublika “DXX kubogi”da faxrli 1-o‘rinni egallagani barchamizni mamnun etdi.
Shuningdek, “Besh tashabbus paralimpiadasi”da sportchilarimiz 8 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza — jami 13 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni zabt etdilar.
Qibraylik Amirxon Murodov esa futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi tarkibida Osiyo chempioni bo‘lib, Prezidentimiz tomonidan avtomobil bilan mukofotlandi.
Dunyodagi eng nufuzli 100 talikka kiruvchi oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan farzandlarimiz 92 nafarga yetib, ular tomonidan yutilgan grantlar miqdori 1 mln 352 ming dollarni tashkil etdi.
“Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida 89 mingdan ziyod o‘quvchi zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bilim olmoqda.
Fursatdan foydalanib, shu tantanali kechamizda ishtirok etayotgan farzandlarimizga, ular timsolida viloyatimiz yoshlariga murojaat qilmoqchiman.
Bugun dunyoda raqobat tobora kuchayib borayotgan bir paytda, faqat va faqat mustahkam bilim, aniq kasb va zamonaviy tafakkur bilan qurollangan yoshlargina o‘z o‘rnini topa oladi.
Tadbirkorlikka qiziqing, yangi g‘oyalardan qo‘rqmang, o‘z biznesingizni yaratishga intiling.
Zamon bilan hamnafas bo‘ling, xorij tillarini o‘rganing, jahon tajribasini egallang va olgan bilimingizni avvalo Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qildiring.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Biz bugungi tahlikali dunyoda tinchlik va osoyishtalikning qadrini har qachongidan chuqurroq his etmoqdamiz.
Toshkent viloyati — ko‘p millatli, mehnatkash va bag‘rikeng insonlar yashaydigan zamin. Biz ana shu birdamlikni, ana shu ahillikni ko‘z qorachig‘imizdek avaylashimiz kerak.
Bugun barchamizni Vatanimizni yanada obod va farovon qilish, tinchligi va ravnaqini ta’minlash maqsadi bir tanu bir jonga aylantirishi zarur.
Fursatdan foydalanib, viloyatimizning mehnatkash ahliga, aziz nuroniylarimiz, opa-singillarimizga, muhtaram ustoz va murabbiylarimizga, tadbirkor va fermerlarimizga, ishchi va davlat xizmatchilariga, adabiyot, ilm-fan, san’at va madaniyat vakillariga, shifokor va o‘qituvchilarimizga, quruvchi va muhandislarga, harbiylarimiz va huquq-tartibot idoralari xodimlariga, jurnalist va blogerlarga o‘zimning chuqur ehtiromimni bildiraman.
Bugungi tantanali kechada quvonchimizga sherik bo‘lib turgan xorijlik hamkorlarimizga, diplomatik korpus vakillariga samimiy minnatdorlik izhor qilaman!
Yana bir bor barchalaringizni O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Yaratgan yurtimizni o‘z panohida asrasin! Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Senga sharaflar bo‘lsin, O‘zbekiston!
Senga sharaflar bo‘lsin, Istiqlol!
