Viloyat markazlari va poytaxtda yil oxirigacha “Aqlli shahar” tizimi joriy etiladi
2026-05-27 18:30:00 / Aqlli shahar
Prezident viloyat markazlari va poytaxt tumanlarining barcha hokimlariga yil yakunigacha “Aqlli shahar” tizimini joriy qilishni topshirdi. Bunda situatsion markaz tashkil qilinib, kommunal xizmatlar, boshqaruv-servis kompaniyalari, transport, yo‘l, obodonlashtirish, chiqindi korxonalari yagona tizimga ulanadi.
Shavkat Mirziyoyev viloyat markazlari va poytaxt tumanlarining barcha hokimlariga yil yakunigacha “Aqlli shahar” tizimini joriy qilishni topshirdi. Bu haqda Prezident raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Xususan, bunday tizim Urganch shahrida ishga tushirilgan. Bunda situatsion markaz tashkil qilinib, elektr, gaz, suv, issiqlik ta’minoti, boshqaruv-servis kompaniyalari, transport, yo‘l, obodonlashtirish, chiqindi korxonalari yagona tizimga ulangan.
Har bir yo‘nalishdan kelib tushayotgan murojaatlarni sun’iy intellekt asosida tahlil qilib, tezkor kompleks yechim berish yo‘lga qo‘yilgan. Bularning hisobidan yiliga 16 milliard so‘m tejalayotgani ma’lum qilindi.
Boshqa vazirlik va idoralar rahbarlariga ham sohaning ichiga kirib, sun’iy intellektni joriy qilish bo‘yicha imkoniyatlarni ishga solish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
