Chanshada investitsiya va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi
2026-09-19 12:05:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari J.Mamajonov Xitoy Xalq Respublikasi Xunan provinsiyasining Chansha shahrida qator muhim uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Xususan, Xunan, Guandun va Futszyan provinsiyalarining qurilish industriyasi, atrof-muhitni muhofaza qilish, yangi qurilish materiallari, yashil energetika va elektrotexnika sohalarida faoliyat yurituvchi 20 dan ortiq yetakchi kompaniyalari vakillari bilan davra suhbati tashkil etildi.
Muloqotlar davomida Toshkent viloyatida, shuningdek, Mo‘ynoq tumanida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, “PK Environment Corp” va “Hunan Construction Investment Corporation” kompaniyalari rahbarlari bilan alohida muzokaralar o‘tkazilib, suv resurslaridan samarali foydalanish, qayta ishlash, qurilish va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Kunning muhim tadbirlaridan yana biri — “2026 Hunan International Sister Cities Economic & Trade Forum and Cooperation Dialogue” xalqaro forumida Toshkent viloyati delegatsiyasining ishtiroki bo‘ldi.
Chansha shahridagi “Changsha International Convention Center” majmuasida o‘tkazilgan forumda 28 ta davlatdan davlat idoralari, biznes assotsiatsiyalari va kompaniyalar vakillari, shuningdek, Xitoyda faoliyat yuritayotgan 11 ta xorijiy elchixona va konsullik vakillari ishtirok etdi.
Jami 500 nafardan ortiq xalqaro mehmon qatnashgan tadbirda ilmiy-texnologik innovatsiyalar, yangi energetika, yangi materiallar, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sanoatida xalqaro iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Xunan provinsiyasi gubernatori Mao Veymin xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashdi. Forumning rasmiy ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari ham nutq so‘zladi.
U o‘z so‘zida Xunan provinsiyasi tomonidan delegatsiyaga ko‘rsatilgan samimiy e’tibor va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni aniq investitsiya loyihalari, sanoat kooperatsiyasi, savdo va eksport yo‘nalishlarida yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, xitoylik investorlar Toshkent viloyatida mebel, charm, kimyo, qurilish materiallari, yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish, mashinasozlik, farmatsevtika, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika va turizm sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga taklif qilindi.
Forum yakunida birodar hududlar va shaharlar o‘rtasida hamkorlik kelishuvlarini imzolash marosimi ham o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuv va muzokaralar Toshkent viloyati hamda Xunan provinsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yangi, amaliy loyihalar bilan boyitish uchun muhim qadam bo‘ldi.






