Xitoyning nufuzli SNTO kompaniyasi bilan hamkorlik masalasi muhokama qildi
2026-09-17 18:40:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasidagi amaliy tashrifi davom etmoqda.
Navbatdagi manzil — “Suntown Technology Group Co., Ltd.” (SNTO) kompaniyasi bo‘ldi. 2003-yilda Changsha shahrida tashkil etilgan mazkur korxona alyuminiyni chuqur qayta ishlash va ilg‘or materiallar ishlab chiqarish sohasidagi yirik yuqori texnologiyali kompaniyalardan biridir.
Tashrif davomida viloyat delegatsiyasi kompaniya rahbariyati va mutasaddilari bilan uchrashib, ishlab chiqarish, investitsiyaviy hamkorlik va yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Shuningdek, delegatsiya SNTO kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlari va zamonaviy texnologik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, yuqori aniqlikdagi alyuminiy folgasi, sanoat profillari, yengil konstruksiyalar hamda qurilish uchun alyuminiy qoliplar ishlab chiqarish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Kompaniyaning ishlab chiqarishga raqamli texnologiyalar va resurs tejamkor yechimlarning joriy etilgani delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuvda Toshkent viloyatida qurilish uchun zamonaviy alyuminiy qoliplar va ekologik qadoqlash materiallari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ilg‘or “yashil” texnologiyalarni joriy etish hamda kompaniyaning Markaziy Osiyo bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ayniqsa, SNTOning ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyati — Milliy korxona texnologiya markazi hamda postdoktorlik tadqiqot stansiyasi faoliyati yangi loyihalar uchun muhim imkoniyat sifatida qayd etildi.
Ilg‘or texnologiya, mahalliylashtirish va yangi bozorlar — Toshkent viloyati va SNTO o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.





