Olmaliqning investitsiyaviy imkoniyatlari Xitoyda namoyish etildi
2026-09-17 16:05:00 / Yangiliklar

Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safari bilan bo‘lib turgan Toshkent viloyati delegatsiyasi tarkibidagi tuman va shahar hokimlari ham hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Jumladan, Olmaliq shahri hokimi Barhayot Meliyev Yuhang shahri hokimi o‘rinbosari Hong Jianliang hamda xitoylik tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Unda Olmaliq shahrining investitsiyaviy salohiyati, investorlar uchun yaratilgan sharoit va mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Muzokaralarda Olmaliq shahriga yangi investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, “STRATEGY HG NAVI CAPITAL PTE.LTD.” kompaniyasi bilan qiymati 34,5 mln AQSH dollari bo‘lgan metall, shisha, muhandislik plastmassalari hamda sanitariya-texnik mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasini Olmaliq shahrida amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, 2 mln AQSH dollarlik investitsiya hisobiga plastikdan maishiy jihozlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va yangi ish o‘rni yaratish bo‘yicha rejalar belgilandi.
Uchrashuvda Olmaliq va Yuhang shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish, investitsiya, savdo-iqtisodiy hamkorlik va boshqa yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirish yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi.






