Bugun maktablarda yangi o‘quv yili boshlandi
2026-09-02 09:40:00 / Yangiliklar

Bugun — 2 sentyabr kuni Toshkent viloyatidagi 910 ta umumta’lim maktabida yangi o‘quv yili tantanali tadbirlar bilan boshlandi.
Yangi o‘quv yilining ilk kuni munosabati bilan viloyatdagi barcha darajadagi rahbarlar umumta’lim maktablariga biriktirilib, “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida ishtirok etdilar.
Marosimlarda davlatimiz rahbarining mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. O‘quvchi va ustozlar yangi o‘quv yili bilan qutlanib, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Jumladan, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Bo‘ka tumanida yangi o‘quv yiliga qayta qurib qurib bitkazilgan 30-umumta’lim maktabida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi.
Viloyat hokimi o‘quvchilar, ustozlar va ota-onalarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi o‘quv yili boshlangani bilan samimiy muborakbod etib, davlatimiz rahbari yo‘llagan maxsus tabrikni o‘qib eshittirdi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan ezgu g‘oya asosida mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevori barpo etilmoqda.
Toshkent viloyatida ham ta’lim sohasini rivojlantirish, maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilar uchun munosib sharoitlar yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, so‘nggi o‘n yilda viloyat ta’lim sohasiga ajratilgan mablag‘lar 6,2 karra oshirilib, 31,5 trillion so‘mni tashkil etdi.
Buning natijasida viloyatda maktabgacha ta’lim muassasalari soni 2016 yildagi 441 tadan 2 433 taga, bolalar qamrovi esa 27 foizdan 74 foizga yetdi.
Shuningdek, 27 ta yangi maktab qurilib, 237 ta maktab rekonstruksiya qilindi. Buning hisobiga qariyb 100 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Ayni paytda viloyatda iqtidorli va bilimga chanqoq yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 400 ta maktabda yangi baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda viloyatning 25 nafar bitiruvchisi dunyoning eng nufuzli TOP-100 talikka kiruvchi oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi.
Yangi o‘quv yilida Toshkent viloyatida 61 ming 850 nafar 1-sinf o‘quvchisi maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ydi. Ularga 13 turdagi o‘quv anjomlaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
Ta’lim sifatini yuksaltirishda ustozlarning mehnati va malakasi muhim ahamiyat kasb etadi. Yaratilgan imkoniyatlar natijasida o‘z ustida tinimsiz ishlayotgan o‘qituvchilar soni ham ortib bormoqda. Bugun viloyatda oylik maoshi 6 milliondan 10 million so‘mgacha bo‘lgan o‘qituvchilar 9 934 nafarni, 10 million so‘mdan yuqori maosh olayotgan pedagoglar esa 1 974 nafarni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 848 nafarga ko‘paygan.
“Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri o‘tkazilgan Bo‘ka tumanidagi 30-umumta’lim maktabi ham yangi o‘quv yili arafasida bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.
330 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur yangi ta’lim muassasasi qurilishiga 12,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. U mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida o‘quvchilar va ustozlarga munosib tuhfa bo‘ldi.
Maktab 1976 yilda qurilgan eski bino o‘rnida zamonaviy talablar asosida barpo etildi. Ayni paytda ta’lim muassasasida 209 nafar o‘quvchiga 27 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda.
Tadbir davomida yangi maktab binosi ko‘zdan kechirilib, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Ilk qo‘ng‘iroq sadolari ostida yangi o‘quv yiliga start berildi.









