TOSHKENT VILOYATIDA JINOYATCHILIKNI BARVAQT OLDINI OLISH VA ULARGA QARSHI KURASHISH BO‘YICHA VILOYAT PROKURORI A.E. MIRZAYEVNING AHOLIGA MUROJAATI
2026-08-13 11:20:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli Toshkent viloyati aholisi!
Mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat xavfsizligini mustahkamlash borasida mutlaqo yangicha yondashuvlar, zamonaviy va samarali mexanizmlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirishga, balki eng quyi bo‘g‘in – mahalla darajasida xavfsiz va barqaror muhitni shakllantirishga qaratilgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida viloyatimizda 2026 yilning 7 oyi davomida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sezilarli darajada kamaydi.
Shuningdek, viloyatdagi 886 ta mahallaning 315 tasida, ya’ni 35 foizida jinoyat sodir etilmadi.
Ijtimoiy profilaktika tizimining samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar doirasida huquqbuzarlik sodir etish yoki huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar uchun 113 272 ta xulosalar rasmiylashtirilib, shundan 91 366 ta maishiy va ijtimoiy sohadagi muammolarning hal etilishi ta’minlandi.
Jinoyat sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan ishsizlar, sudlanganlar, probatsiya va ma’muriy nazoratdagi shaxslar, aliment to‘lovchi ishsizlar, mehnat migratsiyasidan qaytganlar, nazoratsiz yoshlar hamda og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalar alohida xatlovdan o‘tkazilib, ular bilan “bitta shaxs – bitta muammo – bitta mas’ul – bitta yechim” tamoyili asosida ishlash tizimi joriy etildi.
Kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarda 1 841 nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Muqaddam sudlangan va ma’muriy nazoratda turuvchi 2 917 nafar shaxslar bilan individual suhbat o‘tkazildi.
Bugungi kunda aholining tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligiga qaramay, ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga qarshi jinoyatlar sodir etilayotgani tashvishli holatdir.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizda qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga turli darajada shikast yetkazish hamda bosqinchilik jinoyatlari sodir etildi.
Tahlillar mazkur jinoyatlarning aksariyati yoshlarning nazoratsiz qolishi hamda oilaviy munosabatlardagi kelishmovchiliklar oqibatida sodir etilayotganini ko‘rsatmoqda.
Bu esa oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish, milliy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishni talab etadi.
Har bir oilada sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, yosh avlodni Vatanga sadoqat, qonunga hurmat, yuksak ma’naviyat va milliy qadriyatlarga ehtirom ruhida tarbiyalash, mahallalarda o‘zaro hamjihatlik, ahillik va qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash – jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning muhim omilidir.
Zero, oila va mahalladagi sog‘lom muhit, o‘zaro hurmat va daxldorlik hissini kuchaytirish orqali huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash hamda jamiyatda qonunga itoatkorlik muhitini mustahkamlashga erishiladi.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, bugungi kunda axborot texnologiyalari hayotimizning barcha jabhalariga tezkorlik bilan kirib kelayotgan bir vaqtda ayrim g‘araz niyatli shaxslar bundan jinoiy maqsadlarda foydalanmoqda.
So‘nggi vaqtlarda fuqarolarning ishonchiga kirish va ularga zararli ilovalarni ijtimoiy tarmoqlar yordamida yuborish orqali pul mablag‘larini firibgarlik va o‘g‘irlik yo‘li bilan o‘zlashtirish holatlari ham ko‘paymoqda.
Kiberjinoyatchilar asosan fuqarolarning soddaligi va raqamli savodxonligi yetarli emasligidan foydalanmoqda.
E’tibor bering, 4 293 ta kiberjinoyat sodir etilib, salmog‘i o‘tgan yillarga nisbatan sezilarli darajada oshib bormoqda.
Internet tarmog‘idagi turli xil aldovlarga, oson boylik orttiruvchi chaqiruvlarga ishonib, firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolmaslik choralarini ko‘rish, bunday holatlarga duch kelsangiz, sizga xizmat ko‘rsatuvchi bank muassasasi yoki hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qilishingiz lozim.
Aziz yurtdoshlar!
Viloyatimizda kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish, jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida oldimizda turgan muhim vazifalarni barchamiz yaxshi anglaymiz.
Shu maqsadda jinoyatlarni keltirib chiqarayotgan sabablar hamda ularning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish, shuningdek, hududlarda barqaror kriminogen vaziyatni ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish maqsadida 3 566 ta videokuzatuv kamerasi, 1 771 ta “domofon” kompleksi va 751 ta “tashvish tugmasi” o‘rnatilib, 7 269 ta obyekt texnik qo‘riqlovga olindi.
Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar natijasida jinoyatlarni tezkorlik bilan fosh etish, ularni sodir etgan shaxslarni aniqlash va javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligi oshmoqda.
Shu bilan birga, sodir etilgan har bir jinoyat kunlik tanqidiy va tezkor tahlil qilinib, ular bo‘yicha surishtiruv va tergov harakatlarining qonuniyligi hamda sifati ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilgan.
Aziz viloyatimiz aholisi!
Jinoyatchilikka qarshi kurashishning eng samarali yo‘li – huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni keltirib chiqarayotgan sabablar va imkon berayotgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etishdir.
Jamiyatda qonun ustuvorligi, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas.
Bu – davlat idoralari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, ota-onalar va eng muhimi, har bir fuqaroning umumiy mas’uliyatidir.
Zero, jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamjihatlik va o‘zaro mas’uliyat muhim ahamiyat kasb etadi. Barchamizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali mahallalarimizda huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash va xavfsiz muhitni yanada mustahkamlash mumkin.
Shu bois, har birimiz yuksak fuqarolik mas’uliyatini his etgan holda, qonun talablariga qat’iy rioya qilishimiz, jamiyatda qonun ustuvorligini qaror toptirish, mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni asrash hamda xavfsiz muhitni ta’minlashga munosib hissa qo‘shishimiz zarur.
Qadrli yurtdoshlar!
Mahalla faollari va aholining hamjihatlikda olib borayotgan izchil ishlari hududlarimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda xavfsiz muhitni qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, har birimiz qonun talablariga amal qilib, jamiyat manfaatlariga daxldorlik hissi bilan yondashishimiz, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash orqali yurtimiz farovonligiga xizmat qilishimiz zarur.
Zero, mahalladagi osoyishtalik – oila xotirjamligi, jamiyat barqarorligi va yurt taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
E’tiboringiz uchun rahmat!
A.E. Mirzayev,
Toshkent viloyati prokurori
