"Biznesga to‘siq emas, imkoniyat yaratish kerak" — tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-08-11 13:55:00 / Ochiq muloqot

Toshkent viloyatida tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, biznes vakillarining muammolarini tizimli hal etish va hududning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tadbirkorlar va eksportyorlar bilan ochiq muloqoti doirasida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuv ham aynan shu maqsadga qaratildi.
Unda tadbirkorlik subyektlarini qiynayotgan masalalarni joyida eshitish, ularning yechimini mas’ul tashkilotlar ishtirokida muhokama qilish va aniq amaliy choralarni belgilashga asosiy e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda viloyat hokimligi mas’ullari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, shahar va tuman hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, bank-moliya muassasalari mutasaddilari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari hamda 100 nafarga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, kredit va moliyalashtirish masalalari, yer va infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, mahsulotlarni eksportga chiqarishdagi ayrim to‘siqlar yuzasidan taklif va murojaatlar bildirildi.
Har bir murojaat bo‘yicha mas’ullar tomonidan tegishli tushuntirishlar berilib, muammolarni hal etishning aniq mexanizmlari muhokama qilindi.
Ayrim masalalarni joyida hal etish, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha esa mas’ul tashkilotlar va ijro muddatlarini belgilashga e’tibor qaratildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, jami 110 ta masalaning 50 ga yaqini joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganishni talab qilgan 37 ta murojaatga tegishli masʼullar biriktirildi. Qolgan masalalar yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqilishi belgilandi.
Bugungi kunda hudud iqtisodiyotining barqaror o‘sishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va eksport hajmining oshishida tadbirkorlik subyektlarining faolligi muhim omil bo‘lib qolmoqda.
Shu bois tadbirkor bilan muloqot qilish, uning muammosini eshitishning o‘zi emas, balki bildirilgan murojaat ortidan aniq natija ta’minlash masalaning eng muhim jihati hisoblanadi.








