Viloyatda 6 ta shaharning jamoat transporti tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi
2026-08-06 15:15:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevga Yangiyo‘l, Angren, Ohangaron, Olmaliq, Nurafshon va Chirchiq shaharlarida transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha kompleks taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda mazkur shaharlarda jamoat transportini yagona boshqaruv tizimi asosida takomillashtirish, yo‘lovchilar uchun qulay va samarali transport xizmatini shakllantirish hamda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Tahlillarga ko‘ra, shaharlar transport tarmog‘ini qayta tashkil etish, marshrutlarni optimallashtirish, transport koridorlarini samarali boshqarish, zamonaviy bekatlar va transport-peresadka uzellarini barpo etish hisobiga jamoat transportidan foydalanuvchilar sonini kunlik 298,6 ming nafardan 533 ming nafarga yetkazish imkoniyati mavjud. Bu esa yo‘lovchi oqimini 234,4 ming nafarga yoki 78,5 foizga oshirish imkonini beradi.
Qayd etilganidek, ushbu natija faqat yangi avtobuslar xaridi bilan emas, balki butun transport tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida qayta tashkil etish orqali ta’minlanadi.
Shuningdek, brutto shartnomalari asosida ishlovchi marshrutlar bo‘yicha reyslar bajarilishi, avtobuslar harakati, yo‘lovchilar oqimi, intervallar hamda subsidiyalar yagona raqamli reyestr orqali yuritiladi.
Bundan tashqari, shaharlar uchun 2026, 2030 va 2035 yillarga mo‘ljallangan yagona transport prognozlari hamda samaradorlikni baholash metodikasi ishlab chiqiladi.
Taqdimot yakunida mazkur chora-tadbirlarning asosiy maqsadi aholi uchun xavfsiz, qulay, barqaror va zamonaviy jamoat transporti tizimini shakllantirish, shaharlarda harakatlanish sifatini yangi bosqichga olib chiqish ekani ta’kidlandi.






