Xitoy investorlari bilan yangi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi
2026-08-04 12:45:00 / Ochiq muloqot

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Xitoy Xalq Respublikasining "Wonderful International Investment Group" kompaniyasi vakillarini qabul qildi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi mustahkam strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda Toshkent viloyatining investitsiyaviy salohiyati, hududda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda "TSC-HK-INVESTMENT" MChJ bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, "TSC-HK-INVESTMENT" MChJ 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Gonkongdagi "Wonderful International Investment Group" kompaniyasining O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi hisoblanadi va ko‘chmas mulk hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.
Muloqot davomida viloyat hududida yer maydoni ajratish, ushbu hududda zamonaviy qurilish materiallari — tashqi devorlar uchun issiqlik izolyatsiya panellarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani tashkil etish hamda yirik investitsiya loyihalarini amakga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida viloyat hokimi xitoylik ishbilarmonlarni Nurafshon City hududiga taklif qilib, rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari uchun taklif etilayotgan yer maydonlari bilan tanishtirdi.
Tomonlar ushbu uchrashuv Toshkent viloyati va Xitoy kompaniyalari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdilar.



