Ezgulik albatta qaytadi
2026-08-01 09:50:00 / Sog'liqni saqlash

31-iyul kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan Toshkent viloyati qon quyish markazi hamkorligida “Ezgulik albatta qaytadi” shiori ostida “Men donorman” qon topshirish xayriya aksiyasi tashkil etildi.
Mazkur aksiya yoshlar o‘rtasida insonparvarlik, ijtimoiy mas’uliyat va o‘zaro yordam tuyg‘ularini mustahkamlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlarning qon va uning tarkibiy qismlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga ko‘maklashish hamda jamiyatda beg‘araz donorlik madaniyatini keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazildi.
Aksiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi, tarmoq kasaba uyushmalari hamda viloyatdagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 60 nafar ishchi-xodimlar ixtiyoriy ravishda ishtirok etib, inson hayotini saqlab qolishdek ezgu tashabbusga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning sog‘ligi mutaxassis shifokorlar tomonidan tekshirildi. Tibbiy talablarga javob bergan donorlardan belgilangan tartibda qon olindi. Jarayon sanitariya-gigiena me’yorlari hamda amaldagi tibbiy talablar asosida yuqori saviyada tashkil etilib, ko‘ngilli donorlar tomonidan jami 7,5 litrdan ortiq qon topshirildi.








