Yangi hayot va yorugʻ kelajak ramzi
2026-07-29 12:45:00 / Yangiliklar

Yoxud Nurafshon Yangi Oʻzbekiston iqtisodiy va texnologik taraqqiyotining qudratli tayanchiga aylanmoqda
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga
Keyingi oʻn yillik mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalar, qoʻyingki, hayotimizning barcha jabhalarida rivojlanish silsilasining yangi bosqichini boshlab berdi. Tarixan juda qisqa boʻlgan ushbu davr ichida yurtimizda Nurafshon, Bobur, Yangi Toshkent kabi yangi va zamonaviy shaharlarga asos solinib, bu kentlar inson uchun har taraflama qulay boʻlgan zamonaviy megapolislarga aylantirilmoqda. Ayniqsa, Toshkent viloyatining maʼmuriy markazi aylantirilgan Nurafshon shahri haqida gap ketganda, u oʻzining yarim asrdan ziyod tarixi mobaynida keyingi yillardagidek oʻzgarish, yangilanish va ulkan bunyodkorlikning guvohi boʻlgan emas.
Darhaqiqat, bugun koʻz oʻngimizda qad rostlayotgani Nurafshon shahri misolida yurtimizda amalga oshirilayotgan buyuk bunyodkorlik guvoh boʻlmoqdamiz. Mamlakatimizning mustahkam iqtisodiy tayanchlaridan biri boʻlgan Toshkent viloyatining qiyofasi yil yoki oy sayin emas, kun va soat sayin yangilanyapti. Hududda yashovchi koʻpmillatli, mard va mehnatsevar, koʻngli togʻ qadar yuksak aholi esa har daqiqada uygʻonish nafasi va yangilanish zavqini his qilishyapti. Shubhasiz, bu davlatimiz rahbari tashabbusi bilan inson qadrini ulugʻlash, hududlarni obod etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarning mevasidir.
Maʼlumki, Toshkent viloyati tashkil topgandan beri oʻz maʼmuriy markaziga ega boʻlmagan. Hudud boshqaruvi Toshkent shahrida faoliyat yuritib, viloyatning real hayotidan uzilib qolgan edi. Shu bois viloyatda hatto nufuzli anjuman va davlat tadbirlarini oʻtkazish uchun ham shart-sharoit boʻlmagan. Bu holat nafaqat boshqaruv tizimi samaradorligini pasaytirdi, balki hududning iqtisodiy salohiyati toʻliq namoyon etishiga ham toʻsqinlik qildi. Shu maʼnoda, Toshkent viloyati uchun zamonaviy maʼmuriy markazni barpo etish qarori viloyat taraqqiyotiga yangi surʼat bagʻishlaydigan strategik boʻldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 15-dekabr kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining sessiyasida ishtirok etib, Oʻrta Chirchiq tumanining maʼmuriy markazi boʻlgan Toʻytepa shahri viloyatning maʼmuriy markaziga aylanishini maʼlum qilganida, koʻpchilik taraddudlanib qolgani ham rost.
– Ikki-uch yildan soʻng, Toʻytepa toʻliq yangi koʻrinish kasb etadi: bu yerda yangi uylar paydo boʻladi. Toshkentdan bu shaharga tezyurar avtomagistral quriladi, – deya kelgusi rejalarni katta ishonch bilan taʼkidlagan edi davlatimiz rahbari.
Oʻsha vaqtda bu shaharda 29 mingdan ortiq aholi istiqomat qilgan boʻlsa, 2026-yilda boʻlib oʻtgan aholini roʻyxatga olish tadbirlaridan keyingi maʼlumotlarga koʻra, hozirgi vaqtda Nurafshon shahrining nufusi qariyb 60 ming nafarni tashkil etgan. Nurafshon nufusining ortishida aholining tabiiy oʻsishi bilan birga, boshqa hududlardan odamlarning muqim yashash uchun koʻchib kelayotgani ham yaqqol ayon boʻladi. Shu maʼnoda, Abdulla Qahhorning nafasi tekkan va Shuhrat Abbosov rejissyorligida kinotasmalarga muhrlangan “Mahallada duv-duv gap” filmi debochasidagi monolog Nurafshon shahrining bugungi hayotidan olib yozilgandek, goʻyo:
“Taajjub, koʻz oʻngingda boʻlib turgan narsalarni koʻp ham payqamaysan, kishi. Vaqti kelib payqaganingda ham, xuddi azaldan bordek tuyuladi. Esingizda bormi-yoʻqmi, bilmadim, mana shu siz koʻrib turgan joylar egri-bugri tor koʻchalar, qaldirgʻoch uyasi singari devorlar, past-u baland katalak uylardan iborat edi. Bunaqa mahallalar hali ham bitta-yarimta topilib qoladi. Lekin borlari ham mana shu azamat qurilishlar oldida bamisoli daryo ustida qalqib yurgan xasdek hayotdan chetlanmoqda. Qorongʻi koʻchalar nurga toʻlib, jin koʻchalar yoʻqolib, sayrgohlar, kishini oʻziga tortadigan xiyobonlar, gulzorlar, hashamatli, koʻp qavatli soʻlim binolar qad koʻtarmoqda. Xullas, shahrimizning qayeriga bormang, hammaning ogʻzida shu, har bir mahallada duv-duv gap...”
Tarixiy manbalar shundan dalolat beradiki, Toshkent viloyati zaminida qadimiy Iloq davlatining savdo va madaniy markazi — Nukent gullab-yashnagan. Keyinchalik buyuk Temuriylar davrida aynan shu hududda Shohruxiya shahri qayta bunyod boʻlgan. Bugungi kunga kelib, bu viloyat ahli buyuk Temuriylar va bunyodkor xalq qudrati joʻsh urgan davrni qayta yashamoqda. Yangi Oʻzbekistonning shaharsozlik sohasidagi eng ilgʻor gʻoyalari mujassam boʻlgan mutlaqo yangi – Nurafshon shahrining barpo etilayotgani bu fikrni tasdiqlaydi. Toshkent – Qoʻqon avtoyoʻli yonida, Toshkent shahridan 25 km janubda joylashgan yangilangan shahar endilikda sanoat, ilm-fan va madaniyat, taʼlim va turizm chorrahasiga aylanmoqda.
Shaharga “Nurafshon” – yaʼni “nur taratuvchi”, “ziyo ulashuvchi” degan nomni bekorga tanlanmagan. Asrlar davomida aynan shu zamindan taralgan ilm-maʼrifat ziyosi insoniyat tafakkurini yoritib, jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshdi. Qadim zamonlarda bu zamin Buyuk Ipak yoʻlining muhim tarmoqlari bilan bogʻlangan, turli xalqlar, madaniyatlar va tamaddunlar tutashgan chorraha boʻlgan. Bu yerda savdo-sotiq, hunarmandchilik, dehqonchilik rivojlangan, insonning bunyodkorlik salohiyati avloddan-avlodga oʻtib kelgan. Yaratganning nazari tushgan vohada Sohibqiron bobomiz Amir Temur, ulugʻ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Boburning qutlugʻ izlari qolgan. Bu yurt azaldan maʼrifat bogʻini yaratgan ulugʻ bogʻbonlar – Shayx Umar Bogʻistoniy, Zangi ota, Xoja Ahror Valiy, Abu Bakr Shoshiy, Abu Sulaymon Banokatiy kabi aziz avliyolar va allomalar nafasi hamon yashab kelmoqda. Shu maʼnoda, Nurafshon nomi ham ajdodlarimizning maʼnaviy merosi va Yangi Oʻzbekistonning yaratuvchanlik gʻoyalarini oʻzida mujassam etgan timsol sifatida jaranglaydi.
Nurafshon oʻzida Yangi Oʻzbekistonning kelajak modeli, taraqqiyot falsafasi, inson qadri va bunyodkorlik gʻoyalarini ifoda etadi. Bu nom, shuningdek, xalqimizning yorugʻ kelajakka boʻlgan qatʼiy irodasining, yangi hayot tarzining ramzi hamdir. Agar Samarqand ona diyorimizning buyuk tarixi va bebaho maʼnaviy merosining timsoli boʻlsa, Nurafshon – Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot gʻoyasi va zamonaviy tafakkurining yorqin ifodasidir. Shu jihatdan, Nurafshonga tutash hududda Toshkent – Samarqand yoʻnalishida pullik muqobil avtomobil yoʻli qurilishi boshlanganida ham ramziy maʼno mujassam. Samarqand buyuk xalqimizning kim boʻlganini anglatsa, Nurafshon qanday davlat va qanday jamiyat barpo etayotganimizni, qanday kelajak sari intilayotganimizni namoyon etadi.
Binobarin, Nurafshon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan zamonaviy shaharsozlik siyosati va bunyodkorlik falsafasining yorqin koʻrinishidir. U XXI asr talablariga mos, xavfsiz, qulay va yuksak hayot sifatini taʼminlaydigan zamonaviy shahar sifatida shakllanmoqda. U “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida barpo etayotgan nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda ham ilk shahardir. Bu yerda raqamli boshqaruv, madaniy maskanlar, intellektual transport, energiya tejamkor texnologiyalar va ekologik infratuzilma yagona tizim sifatida joriy etilmoqda.
“Aqlli shahar” oʻz-oʻzidan barpo boʻlib qolmaydi. Nurafshon shahrida axborot xavfsizligi va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan “Cyber University” davlat universiteti faoliyati yuritayotgani ham mana shu tarixiy jarayonlarning ne chogʻli ahamiyatli ekanligini his qilish mumkin.
– “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida yurtimizni mintaqaviy IT-xabga aylantirish ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilangan, – deydi “Cyber University” davlat universiteti axborot-resurs markazi mudiri Vasila Dehqonboyeva. – Buning uchun davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, zamonaviy aloqa infratuzilmasini rivojlantirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda innovatsion ekotizimni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda yaratilgan qulayliklar samarasi oʻlaroq mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kompaniyalari, yuqori daromadli ish oʻrinlari va raqamli xizmatlar eksporti izchil koʻpaymoqda. Bu jarayonlarda zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yosh mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Nurafshondagi birinchi oliy taʼlim muassasasi hisoblangan “Cyber University” davlat universitetining tashkil etilishi mazkur ehtiyoj va zamon talabidan kelib chiqilgan oqilona qarordir.
Yaqinda tamal toshi qoʻyilgan Kelajak texnologiyalari markazi esa Nurafshon shahrini kelajak texnologiyalarining maʼmuriy poytaxtiga aylantirsa, ajab emas. Zero, bugun global iqtisodiyotning oʻzagi va insonlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylangan hamda buyuk ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiy asos solgan algoritmlarni yuksak malaka bilan oʻzlashtirgan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashda bu markaz muhim ahamiyat kasb etadi.
Umumiy maydoni 36 gektar boʻlgan markaz qurilishiga qariyb 500 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilinadi. U taʼlim, ilmiy-tadqiqot, texnologik sinov va ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtiradigan yagona innovatsion ekotizim boʻladi. Markaz uchun Nurafshon shahrining tanlangani ham bejiz emas. Bu yerdagi “Cyber University”da kiberxavfsizlik hamda axborot himoyasi sohalarida qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlanmoqda. Endi universitet atrofida butun mamlakat uchun namuna boʻladigan yaxlit innovatsion klaster shakllantiriladi. Markazda esa kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yoʻnalishlarida oltita zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi. Markazga yetakchi global kompaniyalar, universitetlar va olimlarni jalb qilish, talabalar va xodimlar uchun zamonaviy ijtimoiy, madaniy va maishiy infratuzilma yaratish koʻzda tutilgan.
2026-yilda Toshkent viloyatining raqamli xizmatlar eksporti ilk bor 50 million AQSH dollariga yetishi kutilmoqda. Mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish uchun Nurafshon va Chirchiq shaharlarida zamonaviy IT park binolari qurilishiga ham kirishildi. Mazkur maskanni Toshkent viloyatining sunʼiy intellekt va raqamlashtirish markaziga, yoshlarning bilim, isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqaradigan zamonaviy majmuaga aylantirish asosiy maqsad qilingan.
Nurafshon – butun Toshkent viloyati taraqqiyotining drayveriga aylanishi lozim. Biroq, oʻtgan muddat mobaynida xorijiy investitsiya jalb qilinishida sunʼiy toʻsiqlar yaratilgan, tadbirkorlar va sarmoyadorlar uchun Nurafshon yopiq shaharga aylangan edi. Buning oqibatida minglab odamlar ishlab kelgan “Toʻytepa tekstil”, “Toshkent metall konstruksiyalar zavodi” kabi gigant korxonalari bankrot boʻldi, ularning katta hududlarni egallagan ishlab chiqarish binolari huvullab qolgani ham rost.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit Nurafshon shahrida ham oʻz samarasini berdi. “Nurafshon maxsus texnika” korxonasi fikrimiz tasdigʻidir.
– Mamlakatimizda avtomobilsozlik va mashinasozlik tarmoqlarini zamonaviy talablar asosida isloh qilish, sohaning raqobatbardoshligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi “Nurafshon maxsus texnika” qoʻshma korxonasi rahbari Shuhrat Doniyorov. – Umumiy qiymati 50 million AQSH dollari boʻlgan loyiha doirasida 25,8 gektar maydonda tashkil etilgan korxonamizda “KRANTAS” xosnomi ostida maxsus turdagi avtomobillar, harbiy texnika va turli mexanizmlar ishlab chiqarilmoqda. 300 nafardan ortiq yuqori malakali mutaxassis doimiy ish oʻrni bilan taʼminlangan. Ishlab chiqarishda foydalanilayotgan uskuna va texnologiyalar AQSH, Germaniya, Italiya, Shvetsiya, Rossiya, Xitoy hamda Turkiya davlatlaridan keltirilgan,
Oʻtgan davrda 2 yarim ming tonnaga yaqin metall konstruksiya, 300 dan ziyod avtomobil ustqurmasi, 200 dan ortiq shassi va 20 dan ziyod traktor ishlab chiqarildi. Jumladan, oʻtgan yilda 275 milliard soʻmlik texnika va mexanizmlar buyurtmachilarga yetkazib berildi.
“Avval inson, keyin jamiyat va davlat” degan xalqchil tamoyil Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning bosh mezoniga aylangan. Mana shu tarixiy yangilanishlar jarayonida Nurafshon, eng avvalo, ilm-fan, maʼnaviyat va yoshlar shahri sifatida qaytadan koʻz ochmoqda. Gap shundaki, Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq, respublikamizdagi oʻn toʻrtta hududiy birlik qatorida Nurafshon shahriga ham “Yoshlar shahri” maqomi berildi. Bu nurafshonlik har bir yosh uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochib berdi. Endilikda shaharda ming oʻrinli zamonaviy sanʼat saroyi, Badiiy akademiyaning viloyat boʻlimi, sunʼiy intellekt markazi, axborot-resurs kutubxonasi, kasblar markazi va boshqa muhim inshootlarni oʻz ichiga olgan zamonaviy “Yoshlar shaharchasi” barpo etilmoqda. Bu shaharcha yangi imkoniyatlarning debochasidir.
“Aqlli shahar” tamoyili asosida qurilayotgan Nurafshon shahrida shu bilan birga, viloyat hokimligi, davlat arxivi, zamonaviy tibbiyot klasteri, Tibbiyot akademiyasi va Toshkent davlat texnika universitetining viloyat filiallari, Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi, migratsiya markazi va boshqa koʻplab maʼmuriy-ijtimoiy obyektlar qad rostlamoqda. Bugungacha esa minglab kvartirali koʻp qavatli uylar, soʻlim xiyobonlar, madaniyat va ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshirilgan. Bunyodkorlikning yangi manziliga aylangan shaharda birgina 2025-yilning oʻzida qiymati 1,210 milliard soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirildi va bu oʻtgan uch yilgi umumiy koʻrsatkich bilan qariyb tengdir. Ammo Nurafshon faqat beton va shishadan qurilgan shahar boʻlib qolmaydi. Shahar, avvalo, insonga ruhiy orom beradigan, oilalar birga vaqt oʻtkazadigan, yoshlar orzu qiladigan maskanga aylanadi. Shu maʼnoda, Toshkent viloyatida bahorning tarovati, yozning harorati, kuzning malohati-yu qishning halovatini tuyish mumkinligini qayd etish kerak. Ayniqsa, Boʻstonliq, Parkent, Ohangaron, Angrendagi togʻ-u adirlar, suv omborlar, turnakoʻz buloqlar, dala va bogʻlar nafosati, qadimiy manzilgohlardagi asori-atiqalar, hududiy brendga aylanib borayotgan taomlar, zamonaviy xizmat va adrenalinli sarguzashtlar – hech kimni befarq qoldirmaydi.
Viloyatdagi deyarli barcha turizm manzillarining oʻz ziynati va fazilati, boshqacha aytganda, sayyohlar uchun “tashrif qogʻozlari” bor. Viloyat boʻylab 30 dan ziyod turistik marshrut ishlab chiqilgan. 20 dan ortiq madaniy-koʻngilochar tadbirlar muntazam tashkil etildi. “Iloq”, “Uzumchilik va vino”, “Soʻqoq taomlari”, “Pahlavon Farhod”, “Impuls”, “Chimyon sadosi” kabi festival va musobaqalarni xorijda ham yaxshi biladilar. Buning samarasi oʻlaroq, soʻnggi bir yil ichida viloyatga 1 million 532 ming nafar xorijiy va 19 million 350 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi hamda turizm xizmatlari eksporti 438 million AQSH dollariga yetdi.
– Turli tillarda, rang-barang shevalarda soʻzlashayotgan, lekin yagona maqsad bilan yashayotgan Toshkent viloyatining qariyb 4 million kishilik aholisining orzu-intilishlari, bir-biriga boʻlgan mehr-oqibatlariga har qancha havas qilsak, arziydi, – deydi xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi raisi Sayyora Fayziyeva. – Prezidentimiz rahnamoligida keyingi yillarda erishgan har bir yutugʻimiz ortida mana shu insonlarning halol mehnati, fidoyiligi va Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusi mujassam. Oʻz navbatida, mamlakatimiz rahbarining viloyatimizga eʼtibori, gʻamxoʻrligi boʻlakcha ekanligi bizga katta kuch bermoqda. 2026-yilning oʻzida Prezidentimiz Toshkent viloyatiga toʻrt marta tashrif buyurganining oʻziyoq fikrimizni isbotlaydi. Bu tashriflar zamirida yangi ish oʻrni yaratish, kambagʻallikni qisqartirish orqali aholi farovonligini oshirish, odamlarning turmush sharoitini yanada yaxshilashdek xalqchil siyosat bor.
Darhaqiqat, Toshkent viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotining eng yirik ustunlaridan biri hisoblanadi. Bu viloyat sanoatda ham, qishloq xoʻjaligida ham, transport va logistika tarmogʻida ham, ilm-fan va yirik investitsiya sohasida ham katta salohiyatga ega. Toshkent viloyati yurtimizdagi eng yirik isteʼmol va xizmatlar bozorini, yaʼni poytaxtimizni har tomondan oʻrab turadi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizi aynan poytaxt viloyati hissasiga toʻgʻri keladi.
Bugun yalpi hududiy mahsulot hajmining 180 trillion 177 milliard soʻmga yetib, 6 baravar oʻsgani viloyat iqtisodiyoti rivoji jadalligidan dalolat beradi. Eng asosiy mezon — aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad 2017-yildagi 5,9 million soʻmdan 54,3 million soʻmga koʻtarilgani, oxirgi 5-yilda jami 16 milliard AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb qilingani, chet el kapitali ishtirokidagi 2829 ta korxona faoliyat koʻrsatayotgani, eksport hajmi esa 2,8 milliard AQSH dollariga yetgani oqilona iqtisodiy siyosat samarasidir.
– Shu Navroʻzda umrimning toʻqson ikkinchi bahoriga peshvoz chiqdim, – deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Nurafshon shahri boʻlinmasi rahbari Joʻra ota Ahmedqulov. – Yetmish yillik mehnat faoliyatim davomida Nurafshondagi Muqimiy mahallasiga rais ham boʻldim, Toʻytepa shahriga hokim boʻlib ham ishladim. Yoʻq, bunday taraqqiyot, bunday oʻzgarish, bunday imkoniyatni koʻrmadim. Qaniydi, shu imkoniyatlar hokim yo rais boʻlib ishlagan vaqtimda boʻlsa edi, deb orzu qilaman. Endilikda, nurafshonlik nuroniylar rahbarlar va raislar atrofida birlashib, Nurafshonni Yangi Oʻzbekistonning eng goʻzal shahriga aylantirish uchun bor kuch-gʻayratimizni ishga solamiz.
Qurilishiga start berilgan Toshkent – Samarqand yangi avtomagistrali, Nurafshonda tamal toshi qoʻyilgan Kelajak texnologiyalari markazi va boshqa keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari Toshkent viloyatini Yangi Oʻzbekiston iqtisodiy va texnologik taraqqiyotining qudratli tayanchiga aylantirishi, shubhasiz. Nurafshon esa nafaqat Toshkent viloyatining maʼmuriy markazi, balki Yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlik ruhi, inson qadri va kelajakka ishonch timsoli sifatida yanada yuksalaveradi.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.








.jpg)
.jpg)



.jpg)






