Zoyir Mirzayev belaruslik yirik tadbirkor bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi
2026-07-28 16:35:00 / Press-relizlar

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Belarus Respublikasining taniqli tadbirkori, xalqaro bojxona-logistika yo‘nalishidagi yirik biznes tashkilotchisi, «Bremino Group», «Ruzekspeditsiya», «VLATE Logistik» va «SOHRA gr.» kompaniyalari ta’sischisi hamda boshqaruvchi hamkori, Zambiyaning Belarus Respublikasidagi Faxriy konsuli Aleksandr Zaytsev bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, transport-logistika tizimida yangi loyihalarni amalga oshirish hamda hududlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Toshkent viloyatida zamonaviy temir yo‘l logistika markazlarini tashkil etish, yuk tashish yo‘nalishlarini rivojlantirish, xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini rivojlantirish, xususan, go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hamda saqlash tizimini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar. Shu maqsadda Toshkent viloyatida zamonaviy sovutkichli omborxonalar va saqlash majmualarini barpo etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Muloqotda sanoat kooperatsiyasi, jumladan, mebel ishlab chiqarish yo‘nalishida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Belarusning ilg‘or tajribasi va texnologiyalarini hududdagi ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Aleksandr Zaytsev boshchiligidagi kompaniyalar xalqaro logistika, bojxona xizmatlari va savdo infratuzilmasi sohasida katta tajribaga ega ekani qayd etilib, ushbu yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ikki tomon uchun ham manfaatli ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.




