Belarusning “ALUTECH” xoldingi bilan strategik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-07-10 15:20:00 / Yangiliklar

Kecha Belarus Respublikasining Minsk shahrida Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jahongir Mamajonov Markaziy va Sharqiy Yevropadagi alyuminiy profil tizimlari hamda seksiyali darvozalar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalardan biri — “ALUTECH” kompaniyalar guruhi rahbariyati bilan uchrashdi.
Muloqot davomida tomonlar qurilish materiallari sanoati yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Ma'lumot o‘rnida, “ALUTECH” kompaniyalar guruhi tarkibida Minsk va xorijda joylashgan beshta zamonaviy yuqori texnologik ishlab chiqarish korxonasi, alyuminiy ekstruziyasi va anodlash majmualari faoliyat yuritadi. Xolding mahsulotlari bugungi kunda dunyoning 65 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda.
Uchrashuv doirasida Toshkent viloyati delegatsiyasi korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologik yechimlari hamda innovatsion mahsulotlari bilan yaqindan tanishdi.
Muzokaralar chog‘ida Toshkent viloyatida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator istiqbolli takliflar ilgari surildi.
Jumladan, viloyatda alyuminiy profillar va rollet tizimlarini mahalliylashtirish asosida qo‘shma ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish, zamonaviy turar joy va biznes majmualarida energiya tejamkor fasad tizimlari hamda Green Building standartlariga mos innovatsion yechimlarni joriy etish, logistika markazlarini zamonaviy sanoat darvozalari va dok tizimlari bilan jihozlash, shuningdek, qurilish muhandisligi va fasad texnologiyalari yo‘nalishida malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yakunda tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish va istiqbolli investitsiyaviy tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.






