Minsk shahrida O‘zbekiston va Belarus hududlarining III forumi bo‘lib o‘tdi
2026-07-08 19:55:00 / Yangiliklar

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Belarus hududlari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning biznes doiralari vakillari ishtirok etdi.
Forumda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Belarus davlat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, hududlararo aloqalar yangi mazmun bilan boyib borayotganini alohida ta’kidladilar.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev o‘z ma’ruzasida so‘nggi yillarda Toshkent viloyati bilan Belarus hududlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik sezilarli darajada faollashganini qayd etdi.
Viloyat rahbari sanoat, mashinasozlik va agrosanoat sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar hududlararo sheriklikning samarali namunasiga aylanganini ta’kidlab, mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalanish muhimligini bildirdi.
Ta’kidlanganidek, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Toshkent viloyatining Belarus Respublikasi bilan tashqi savdo aylanmasi 156,1 million AQSH dollarini tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 128 foizga o‘sdi.
Ayni paytda viloyat hududida O‘zbekiston–Belarus qo‘shma kapitali ishtirokidagi 46 ta korxona faoliyat yuritmoqda. E’tiborli jihati, so‘nggi bir yilda ularning soni ikki barobardan ziyodga oshdi.
Forum doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi.
Tadbir yakunida Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi va Toshkent viloyati hokimligi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.


