Toshkent–Minsk viloyatlari: hamkorlikning yangi sahifasi ochilmoqda
2026-07-08 17:40:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati va Minsk viloyati o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlar izchil davom etmoqda.
Xabaringiz bo‘lsa, 2018-yil 12-sentyabrda ikki hudud o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan edi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning Belarus Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari davomida mazkur sheriklik yana bir muhim qadam bilan boyidi.
Xususan, Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Vasiliy Sisoyev bilan ikki viloyat o‘rtasida tuzilgan hamkorlik bitimini yanada kengaytirish maqsadida 2026–2028 yillarda amalga oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Ushbu hujjat kelgusi uch yil davomida ikki hudud o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Belarus sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Toshkent viloyati bozoriga yetkazib berish, o‘zbek paxta ip-kalavasini chuqur qayta ishlash bo‘yicha kooperatsiyani rivojlantirish, shuningdek, agrosanoat sohasida zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalar almashinuvini kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, “Yo‘l xaritasi” madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratadi.
Imzolangan “Yo‘l xaritasi” Toshkent viloyati va Minsk viloyati o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro manfaatli loyihalarni hayotga tatbiq etish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


