Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning Yoshlar kuni munosabati bilan TABRIGI
2026-06-30 11:10:00 / Yangiliklar

Aziz yoshlar, qadrli kelajagimiz bunyodkorlari!
Avvalambor barchangizni, sizlarning timsolingizda viloyatimiz yoshlarini bugungi kun bilan samimiy muborakbod etaman!
Bugun jahonga tobora keng ochilib, taraqqiyot sari dadil intilayotgan, oldiga qo‘ygan ulkan maqsad va marralar tomon ishonch bilan odimlayotgan Yangi O‘zbekistonning kelajagi, avvalo, sizlarning bilim olishga bo‘lgan intilishingiz, faolligingiz va shijoatingizga bevosita bog‘liqdir.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari bilan yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning hech kimdan kam bo‘lmagan holda kamol topishi uchun barcha sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan mutlaqo yangi vertikal boshqaruv tizimi shakllantirilganini alohida ta’kidlash lozim.
Ushbu tizim mahallalardagi Prezident vakillari hisoblangan yoshlar yetakchilari orqali minglab yigit-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq hayotiy masalalarni joyida hal qilish imkonini bermoqda.
Ayniqsa, “Yoshlar daftari” va “Yoshlar yagona elektron platformasi” orqali amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasini o‘g‘il-qizlarimiz o‘z hayotida yaqqol his etmoqda.
Eng muhimi, O‘zbekiston Prezidentining yoshlarga oid siyosati xalqaro miqyosda tan olinib, munosib e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
Qadrli o‘g‘il-qizlarim!
Bugun viloyatimiz aholisining 1 million 542 ming nafardan ziyod qismini yoshlar tashkil etadi. Shundan qariyb 786 ming nafari 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardir.
Bu raqamlarning o‘ziyoq yoshlarga oid davlat siyosati viloyatimiz uchun naqadar muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Yangi O‘zbekistonda yosh olimlarimiz, sportchilarimiz va iqtidorli farzandlarimizning xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Zotan, hozir butun xalqimiz katta tarixiy voqea shukuhi va zavqi bilan yashamoqda, desak xato bo‘lmaydi. Azamat o‘g‘lonlarimizning g‘ayrat va shijoatlari bilan xalqimizning 34 yillik orzusi ushaldi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etdi.
Barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘layotganimizdek, Mundialda kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Milliy terma jamoamiz jahon futbolining karvonboshilaridan bo‘lgan, o‘z safiga mega-yulduzlarni jamlagan Kolumbiya hamda Portugaliya jamoalari bilan hech hayiqmay, munosib kurash olib bordilar.
Biz bir narsani tushunishimiz kerak — bu o‘yinlar natijalari qanday bo‘lganidan qat’iy nazar biz eng kerakli yutuqqa allaqachon erishdik! Chunki, vatanimiz termasining Jahon chempionatida ishtiroki orqali butun dunyo o‘zbek futbolchisining matonatini, o‘zbek muxlisining madaniyatini, o‘zbek xalqining birdamligini ko‘rdi!
Dunyo sport jamoatchiligi O‘zbekiston Jahon chempionatiga tasodifan kelmaganiga iqror bo‘ldilar.
Tyerma jamoamiz safida viloyatimiz farzandi Dostonbek Hamdamovning ham ishtirok etgani biz uchun alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi!
Umuman olganda, joriy yilda o‘tkazilgan jahon, Osiyo va xalqaro sport musobaqalarida viloyatimizdan 215 nafar sportchi boks, og‘ir atletika, yunon-rum kurashi, dzyudo, eshkak eshish va taekvondo WT kabi sport turlari bo‘yicha ishtirok etib, 23 ta oltin, 41 ta kumush va 54 ta bronza medalni qo‘lga kiritdilar.
Bu natijalar yurtimizda, xususan, viloyatimizda sport sohasini rivojlantirish, yoshlarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy samaralaridir.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi tasdiqlanib, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi.
Mazkur hujjat doirasida Nurafshon shahriga “Yoshlar shahri” maqomi berildi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarni rivojlantirish, ularning tashabbuslarini hayotga tatbiq etish maqsadida Nurafshon shahrida 5 gektar maydonda zamonaviy “Yoshlar shaharchasi” barpo etiladigan bo‘ldi.
Bu tashabbuslarimizning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangani hurmatli Prezidentimizning Siz, viloyatimiz yoshlariga alohida e’tibor va g‘amxo‘rliklarining yana bir ifodasi bo‘ldi.
Yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasi sifatida 12 ming nafardan ziyod yoshlarga 5 ming gektardan ortiq unumdor yer maydonlari ajratilganini ta’kidlash joiz.
Shuningdek, 2025–2026 yillar davomida 774 nafar yoshga 73 milliard 871 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilib, 938 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Davlatimiz rahbarining yana bir muhim tashabbuslari bilan haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilangani ham bu boradagi ishlarimizga yangi sur’at bag‘ishlamoqda. Shu kuni barcha darajadagi rahbarlarning o‘zlari Sizlarning oldingizga borib, muammo va masalalaringizni yechishga, orzu-umidlaringiz ro‘yobi uchun ko‘maklashishga harakat qilishmoqda.
O‘tkazilgan 4 mingdan ziyod ana shunday uchrashuvlarda 80 ming nafardan ortiq yoshlarning murojaat va takliflari o‘rganilib, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, 7 ming 119 nafar ishsiz yoshning rahbarlarga nomma-nom biriktirilishi natijasida ularning bandligi ta’minlanib, hayotiy muammolari hal etildi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 2 ming 971 nafar yoshga 8 milliard 605 million so‘mlik ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatildi.
“Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 295 ming nafardan ortiq yosh 23 ta xorijiy tilni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
“Ustoz AI” loyihasi orqali esa qariyb 46 ming nafar yosh 40 ta zamonaviy kasb bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egalladi.
Bundan tashqari, “Qizlar akademiyasi” loyihasida 62 ming nafardan ziyod, “UzChess” loyihasida 43 ming nafar hamda “Mutolaa” loyihasida 181 ming nafardan ortiq yosh qamrab olindi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida esa 715 ming nafardan ziyod yosh ishtirok etib, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
2025–2026 o‘quv yilida maktab bitiruvchilarining 789 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
Quvonarlisi, ularning 10 nafari jahonning TOP-50 talik reytingiga kiruvchi nufuzli universitetlarga 100 foizlik grant asosida talabalikka qabul qilindi.
Aziz yoshlar!
Sanayversak, yutuqlarimiz ko‘p, natijalarimiz talay. Kuni kecha davlatimiz rahbarining alohida Farmon va qarorlari bilan bir guruh yoshlarni mukofotlagani va ular ichida viloyatimiz yoshlari ham borligi bizga katta faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
Xususan, bir necha bor Xalqaro olimpiadalar g‘olibi, 2024 yilda Sank-Peterburgda o‘tkazilgan “Pediatriya kelajagi” xalqaro olimpiadasida 42 ta jamoa orasida 1-o‘rinni egallagan angrenlik Larin Yevgeniy Alekseyevich hamda Xalqaro toifadagi sport ustasi, yunon-rum kurashi bo‘yicha 7 karra O‘zbekiston chempioni. 2022-yilda Italiyada o‘tkazilgan U-17 jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘rta Chirchiq farzandi Xalmaxanov Aytjon Daniyor o‘g‘lining “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangani – o‘ylaymanki barchamizga cheksiz quvonch ulashdi.
Qolaversa, Prezident Farmoniga ko‘ra, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatining Mis boyitish fabrikasi yanchish va flotatsiyalash syexi flotatori Yunusova Ozoda Ulug‘bek qizining "Kelajak bunyodkori" medali bilan mukofotlangani – viloyatimiz qizlarining nimalarga qodir ekanini yaqqol namoyon etdi.
Farzandlarim!
Barchangiz ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borayotganingizdek, bugun dunyoning turli hududlarida murakkab ziddiyatlar, qonli to‘qnashuvlar, siyosiy va mafkuraviy qarama-qarshiliklar kuchayib bormoqda.
Geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi, turli xavf va tahdidlarning ortishi har bir davlat va xalqdan yanada hushyorlik va birdamlik talab etmoqda.
Ana shunday tahlikali bir davrda jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va osoyishtalik hukm surmoqda. Yurtimizda har kuni bayramona muhit, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, konsert va tomoshalar, to‘y hamda qutlug‘ tantanalar davom etmoqda.
Bu, shubhasiz, xalqimiz qadrlagan eng buyuk ne’mat — tinchlik va barqarorlik tufaylidir.
Shu bois biz ana shu bebaho ne’matni har doim qadrlab, unga shukronalik bilan yashashimiz, atrofimizda yuz berayotgan voqea-hodisalardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz lozim.
Ayniqsa, siz, aziz yoshlar, mamlakatimiz kelajagining hal qiluvchi kuchisiz. Sizlarning bilimingiz, dunyoqarashingiz, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi va yuksak mas’uliyatingiz Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun sizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ochilayotgan keng yo‘llar va amalga oshirilayotgan islohotlardan unumli foydalanib, o‘z oldingizga qo‘ygan yuksak maqsadlar sari dadil intilishingiz zarur.
Zero, muhtaram Prezidentimiz yoshlarga qarata: “Marrani baland oling, kelajak sizniki”, deb katta ishonch bildirganlar.
Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram — Yoshlar kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, ezgu orzu va maqsadlaringizga erishish yo‘lida kuch-g‘ayrat, shijoat, omad va ulkan zafarlar tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
