GENDER TENGLIGI – BARQAROR TARAQQIYOT OMILI
2026-06-25 19:15:00 / Yangiliklar

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati 3-mis boyitish fabrikasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi hamda “Olmaliq KMK” AJ hamkorligida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i N.Normirzayeva, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti mas’ul xodimi X.Saydivaliyeva, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparati mehnat-texnik inspektori M.Muyitdinova hamda “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi korxona va tashkilotlarning xotin-qizlar va gender tengligi bo‘yicha maslahat kengashlari raislari, “Lider ayollar klubi” a’zolari ishtirok etdi.
Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2026-yil 6-fevraldagi SQ-245-V-son qarori bilan tasdiqlangan “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tashkil etildi.
Seminarni S.Fayziyeva kirish so‘zi bilan ochib, “gender tengligi” tushunchasi va uning mazmun-mohiyati, ijtimoiy hayotdagi ahamiyati, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar hamda bu borada kasaba uyushmalarining o‘rni va roli to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqlari bo‘yicha milliy qonunchilik va xalqaro me’yorlar, ta’lim, mehnat, tadbirkorlik va boshqaruv sohalarida teng imkoniyatlar yaratish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender asosidagi kamsitish va zo‘ravonlikning salbiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Shuningdek, yurtimizda ushbu yo‘nalishda erishilayotgan natijalarning xalqaro miqyosda yuqori baholanayotgani e’tirof etildi.
Seminar faol muloqot tarzida davom ettirilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ma’ruzachilardan javob oldilar. Shuningdek, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
Mazkur seminar xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash, jamiyatda gender tengligi tamoyillarini keng targ‘ib etish, mehnat jamoalarida kamsitish va zo‘ravonlikning oldini olish, shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
