Ko‘p yillik fidokorona mehnatning yuksak e’tirofi
2026-06-15 10:25:00 / Yangiliklar

Yuqori Chirchiq tumani hokimi Uskenboy Atemovning davlat idoralaridagi ko‘p yillik fidokorona mehnatlari yuksak e’tirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va hududlarni rivojlantirish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, shuningdek, tavalludining 70 yilligi munosabati bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.
Shu munosabat bilan bugun Toshkent viloyati hokimligida davlat mukofotini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat faollari, nuroniylar va yoshlar vakillari, tuman va shahar hokimlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, Yuqori Chirchiq tumani jamoatchiligi, deputatlar, yubilyarning ko‘p yillik safdoshlari, ustozlari hamda shogirdlari ishtirok etdilar.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Gʻafurjon Mirzayev davlat rahbarining Uskenboy Atemovni ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlash to‘g‘risidagi Farmonini o‘qib eshittirdi.
Ordenni davlat rahbari nomidan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev topshirdi.
So‘z olganlar Uskenboy Atemovni davlat mukofoti hamda qutlug‘ 70 yoshi bilan samimiy tabriklab, uning xalq manfaatlari yo‘lidagi fidokorona mehnati, rahbarlik faoliyatidagi boy tajribasi va hududlar taraqqiyotiga qo‘shgan salmoqli hissasi yuksak e’tirof etilganini ta’kidladilar.
Tadbirdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — spichrayter Xayriddin Sultonov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.




