Mahallalarda xavfsiz muhit: ijro va natijadorlik o‘rganildi
2026-06-15 09:40:00 / Yangiliklar

Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda aholi osoyishtaligini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bu borada Prezident qarorlari asosida joylarda manzilli ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, mahallalar kesimida mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 yanvardagi "Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Toshkent viloyati hokimligi guruh rahbari F. Mirzayev hamda viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari E. Inamdjanov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Piskent tumanining bir qator mahallalarida ishlar samaradorligi o‘rganildi.
Xususan, o‘rganishlar tuman rahbarlariga biriktirilgan “Lolaariq”, “Fayzobod” va “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘inlarida amalga oshirildi.
Jarayonda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi murojaatlari bilan ishlash hamda “yettilik” faoliyati samaradorligi tahlil qilindi.
O‘rganish natijalari yuzasidan tuman mutasaddi rahbarlari va mahalla “yettiligi” a’zolari ishtirokida tanqidiy muhokama o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, qarorlar ijrosini sifatli ta’minlash bo‘yicha aniq vazifa va topshiriqlar belgilab berildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari “Lolaariq” mahallasi hududida barpo etilayotgan sayilgohda tashkil etilayotgan “Xavfsiz ko‘cha” loyihasi bilan ham tanishdilar. Unda tashvish tugmalari, zamonaviy videokuzatuv kameralari, Wi-Fi hududlari hamda jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi boshqa infratuzilma ob’yektlarini barpo etish ishlari ko‘zdan kechirildi.
Mutasaddilar tomonidan mazkur loyihani yanada takomillashtirish, aholi uchun qulay va xavfsiz sharoitlarni kengaytirish yuzasidan tegishli tavsiya va takliflar berildi.









