Gʻalla — 2026: El-yurt xirmoni bunyodkorlari uchun mas’uliyatli mavsum boshlandi
2026-06-04 09:50:00 / Yangiliklar

El-yurt dasturxonining to‘kinligi, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi mas’uliyatli palla boshlandi — joylarda g‘alla o‘rimiga kirishildi.
Bugun erta tongdan viloyat faollari, nuroniylar, jamoat va davlat tashkilotlari mutasaddilari, tuman va shahar hokimlari, fermer va klasterlar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari mana shu muhim mavsum munosabati bilan ezgu taomilga muvofiq, Zangiota ziyoratgohida yig‘ildilar.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida muazzam maskan ziyorat qilinib, o‘tganlar ruhi pokiga Qur’on tilovat qilindi.
Tabarruk qadamjoda jonliq so‘yilib, ehson dasturxoni yozildi. Qo‘llar duoga ochilib, barakali xirmonni to‘plashda bel bog‘lagan bobodehqonlarning ishiga unum, el dasturxoniga to‘kinlik, yurtimizga tinchlik, tilab, fotiha qilindi.
Darhaqiqat, g‘allakorlarimiz oldida yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda, sifatli va talafotsiz yig‘ib-terib olish vazifasi turibdi.
Joriy yilda viloyatimiz mirishkorlari tomonidan xalqimiz rizqu nasibasi bo‘lgan boshoqli don ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirildi.
Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalar hamda ilg‘or tajribalarni qo‘llash, urug‘chilikka e’tibor o‘z samarasini berdi.
Bahorning seryog‘in kelishi va qulay tabiiy muhit tufayli lalmi maydonlarga ham baraka yog‘ildi.
Endilikda asosiy maqsad katta mehnat va sarf-xarajat evaziga yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan, qisqa muddatlarda o‘rib-yanchib, qabul punktlari va xirmonlarga joylashtirishdan iborat. Bu jarayonda har bir kun, har bir soat g‘oyat qimmatli hisoblanadi.
Zotan, bugun butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi har qachongidan dolzarb bo‘lib turgan bir vaqtda bu mavsumning mas’uliyati va ahamiyati, ayniqsa, beqiyosdir.
Marosimda viloyat rahbari, nuroniylar vakillari so‘z olib, g‘alla o‘rimida ishtirok etadigan mexanizatorlar, ta’minotchilar, fermerlar va soha vakillariga mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, texnika va resurslardan samarali foydalanish, hosilni talafotsiz yig‘ib olish, yong‘in havfsizligiga va boshqa texnik reglamentlarga qat’iy rioya qilish, mavsum mehnatkashlarining ijtimoiy ximoyasi va manfaatdorligini oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berishdi.
Fidokorona sa’y-harakatlar bilan bu yilgi o‘rim mavsumi ham yuqori natijalar bilan yakunlanishiga ishonch bildirildi.









