Qo‘shiqqa, so‘zga va elga sadoqat — Nuriddin Aminjonovning umr mazmunidir
2026-06-03 20:55:00 / Yangiliklar

Chinoz tumanida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir va ijodkor Nuriddin Aminjonov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yurtimiz adabiyoti va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan, umrini xalqqa, qo‘shiqqa va so‘z san’atiga bag‘ishlagan Nuriddin Aminjonovning sermazmun hayot yo‘li, boy ijodiy merosi va inson sifatidagi fazilatlari tadbir ishtirokchilari tomonidan katta ehtirom bilan yodga olindi.
Tadbir avvalida Toshkent viloyati hokimining shoir yubileyi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Tabrikda ustoz ijodkorning o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojidagi o‘rni, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etishdagi xizmatlari hamda yosh avlod tarbiyasiga qo‘shgan hissasi alohida ta’kidlandi.
Anjumanda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi raisi Sayyora Fayziyeva, Chinoz tumani hokimi Sherzod Solihov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari Abdusamad Nosirov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi, shoir Salim Ashur, O‘zbekiston xalq hofizi Isroiljon Vahobov, viloyat Jurnalistlar uyushmasi raisi Rahmatilla Sheraliyev, shoira Zulfiya Mo‘minova va boshqalar mazkur ma’rifiy kecha davlatimiz rahbarining soha vakillariga berayotgan ulkan e’tiborining yana bir ifodasi bo‘lganini ta’kidladilar. Nuriddin Aminjonovning hayot va ijod yo‘li haqida samimiy xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar.
Ta’kidlanganidek, shoirning nomi xalq qalbidan joy olgan yuzlab qo‘shiqlar, samimiy she’rlar va mazmunli asarlar bilan chambarchas bog‘liq. Uning “Dilxiroj”, “Ayla tabassum”, “Intizor kutdim”, “Armonli dunyo”, “Shukrona”, “Yillar qo‘shig‘i”, “Sevmay bo‘lurmi sizni”, “Izhori dil”, “Asrlarga yo‘ldosh Navoiy” kabi ko‘plab kitoblari xalqimizning ma’naviy mulkiga aylangan.
Nuriddin Aminjonov nafaqat sermahsul shoir, balki jurnalistika va madaniyat sohasida fidokorona mehnat qilgan inson sifatida ham qadrlanadi. Uning ijodida Vatanga muhabbat, inson qadri, mehnatkash xalq hayoti, sadoqat va ezgulik g‘oyalari bosh mavzulardan bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi hamda Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasi ijodkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bayramona muhitga yanada fayz bag‘ishladi. Shoir qalamiga mansub mashhur qo‘shiqlardan namunalar ijro etildi.








