Davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi
2026-05-29 09:55:00 / Yangiliklar

Bugun Toshkent viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Marosimda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillarining mehnati munosib qadrlanib, ularning milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, boy madaniy merosimizni asrab-avaylash, yosh avlodni vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi xizmatlariga yuksak baho berilmoqda.
Prezident Farmoniga muvofiq, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganlar orasida Toshkent viloyati vakillari ham ko‘pchilikni tashkil etdi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev mukofot sohiblarini samimiy qutlab, ularga davlat rahbari nomidan orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mukofot sohiblari ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va e’tirof uchun mamlakatimiz rahbariga hamda xalqimizga samimiy minnatdorlik izhor etdilar.
Marosim ishtirokchilari davlat mukofoti sohiblarining ko‘p yillik samarali mehnati, ijodiy faoliyati va jamiyat hayotidagi munosib o‘rni mamlakat taraqqiyoti hamda ma’naviy yuksalishida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.








