Turkiston viloyati delegatsiyasi Toshkent viloyatida tantanali kutib olindi
2026-05-29 09:40:00 / Majlislar








Bugun Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyati hokimi Nuralxon Qusherov boshchiligidagi nufuzli delegatsiya Toshkent viloyatiga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari “Navoiy” chegara-bojxona postida tantanali ravishda kutib olindi.
Mehmonlarni Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Otabek Tursunov, Toshkent tumani hokimi Sardor Ergashev hamda tegishli mutasaddilar do‘stona qarshi oldi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, barcha sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Ayniqsa, ikki davlat rahbarlarining ochiq va ishonchli muloqotga asoslangan yaqin qo‘shnichilik siyosati hududlararo aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Turkiston viloyati delegatsiyasi tarkibidan viloyatning nufuzli mulozimlari, jumladan, qator tuman hokimlari, sohaviy boshqarmalar rahbarlari, maxsus iqtisodiy zona va turizm sohasi mas’ullari o‘rin olgan.
Shuningdek, tashrifda Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, mebelsozlik, mashinasozlik, qurilish materiallari, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yurituvchi ko‘plab tadbirkorlar ham ishtirok etmoqda.
Ikki kunlik tashrif doirasida ikki hududning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini yanada yaqinlashtirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan yirik biznes anjumani o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, mehmonlar Toshkent viloyatining qator shahar va tumanlarida bo‘lib, sanoat korxonalari, infratuzilma loyihalari hamda boshqa muhim obyektlar faoliyati bilan tanishadilar.
