Viloyatda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida MUROJAAT
2025-11-13 10:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Viloyatda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida
MUROJAAT
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli deputatlar va viloyatimiz faollari!
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar Toshkent viloyatining yaqin istiqboldagi taraqqiyot strategiyasini o‘zida mujassam etgan.
Xususan, viloyat hududini kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirish, shuningdek, qator muhim sohalarda “Toshkent tajribasi”ni yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Bugungi murakkab iqtisodiy sharoitda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash faqat tinimsiz mehnat, tashabbuskorlik va rahbarlarning fidoyiligi orqali amalga oshiriladi.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Ruxsatingiz bilan, mazkur vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘taman.
I. Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish yo‘nalishida
Viloyatda “Kambag‘al oilalar reyestri”ni shakllantirish maqsadida 116 mingta oila xatlovdan o‘tkazilib, 43 ming 756 ta oila reyestrga kiritildi.
Ushbu oilalarni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida 275 ming 245 ta individual xizmatlar ko‘rsatildi. Natijada 14 ming 871 ta oila kambag‘allikdan chiqarildi.
1 noyabr holatiga kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8 foizdan 3,6 foizgacha qisqardi.
Biroq, Zangiota tumanida 5,6 foiz, Quyichirchiq tumanida 5,5 foiz, Bekobod tumanida 5,4 foiz, Bekobod va Ohangaron shaharlarida esa 5,6 foizlik ko‘rsatkich saqlanib qolayotgani jiddiy tahlil talab qiladi.
Ayrim mahallalarda kambag‘al oilalar ulushi yuqori darajada qolmoqda. Jumladan:
— Zangiota tumani “Harakat” mahallasida — 168 ta oila;
— “Mevazor” mahallasida — 111 ta;
— Quyichirchiq tumani “Paxtazor” mahallasida — 105 ta;
— Bekabod shahri “Turkiston” mahallasida — 95 ta;
— “Metallurg” mahallasida — 83 ta kambag‘al oila mavjud.
Bu hududlarda sektor rahbarlari va mahalla mas’ullari faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish zarur.
Reyestrdagi oilalardan:
— 6 ming 465 tasi qizil toifa;
— 22 ming 420 tasi sariq toifaga kiritilgan.
“Individual rejalar” asosida 28,8 ming oilaga 47,6 mingta xizmatlar ko‘rsatildi.
Jumladan:
— 17,2 ming nafar doimiy ishga joylashtirildi;
— 9,5 ming nafarga kredit va subsidiya ajratildi;
— 17,9 ming nafar tadbirkorlikka jalb qilindi;
— 3 ming nafar kasb-hunarga o‘qitildi.
Biroq, xizmatlar rejasi Olmaliq shahrida 76 foiz, Chirchiq shahrida 77 foiz, Ohangaron tumanida 88 foiz, Yuqorichirchiq va Bo‘stonliq tumanlarida 77 foiz darajasida bajarilgan, xolos.
Viloyat bo‘yicha 7 ming 485 ta kambag‘al oilaga 1 ming 497 nafar rahbar biriktirildi.
Masalan, Piskent tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i B. Rahimov tomonidan “Bekobod” mahallasida yashovchi Mastura Gʻulomovaga 4 ta tikuvchilik uskunasi olib berildi, bo‘sh turgan bino bepul ijaraga ajratildi va tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada 5 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanib, oilaning oylik daromadi 6,3 mln so‘mga yetdi.
Shu bilan birga, ayrim rahbarlarning ish samaradorligi talab darajasida emas.
Eng yaxshi natijalar Olmaliq shahrida — 45 foiz, Bekobod shahrida — 42 foiz va Yangiyo‘l shahrida — 40 foiz bo‘lgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar Ohangaron tumani va shahrida — 17 foiz, Chirchiq shahrida — 19 foiz, Angren shahrida — 20 foizni tashkil etdi.
Xususan, Ohangaron tumanida mas’ul rahbarlar tomonidan biriktirilgan oilalar bilan tizimli ish tashkil etilmagani sababli ijobiy natija kuzatilmayapti.
14,9 mingta kambag‘al oilaning daromadi va moddiy ahvoli yaxshilanishi natijasida ular reyestrdan chiqarildi.
Biroq, Chirchiq shahrida 21,9 foiz, Angren shahrida 23,8 foiz, Yangiyo‘l tumanida 30 foizdan kam ko‘rsatkich qayd etilgan.
Reyestrdagi 8 ming 690 nafar oila a’zolari mikroloyihalarda ishtirok etdi.
Bu borada Bekobod shahri va Bekobod tumanida yaxshi natijalarga erishilgan bo‘lsa, Olmaliq shahri va Bo‘ka tumanida ko‘rsatkich pastligicha qolmoqda.
Shuningdek, 3 ming 111 nafar fuqaroning xususiy korxonalardagi ish haqi belgilangan minimal mezondan past darajada rasmiylashtirilgan.
Eng yuqori salbiy holatlar Bekobod, Parkent, Bo‘ka va Ohangaron tumanlarida kuzatilmoqda.
Bu masalada tuman hokimlari, soliq va bandlik organlari mas’uliyatini kuchaytirish zarur.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, reyestrdagi oilalar daromadini oshirish bo‘yicha imkoniyatlarimiz yetarli.
Birinchidan, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 20,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar hisobidan 5 ming 298 ta kambag‘al oilaga ssuda ajratiladi.
Ikkinchidan, 3 ming 252 ta oilada subsidiya asosida tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Uchinchidan, banklar tomonidan 4 ming 415 ta oilaga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
To‘rtinchidan, viloyatdagi 50 mingta vakant ish o‘rinlari hisobiga 4 ming 415 nafar mehnatga layoqatli fuqaroning rasmiy bandligini ta’minlash imkoniyati mavjud.
Beshinchidan, “Infratuzilma ijtimoiy barqarorlik jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan 883 ta mahalladagi ehtiyojmand oilalarga 6 kilovattli quyosh panellari o‘rnatiladi.
Oltinchidan, xususiy sektorda norasmiy ishlayotgan 16 ming 615 nafar fuqaroning mehnati legallashtirilishi orqali 11 mingdan ziyod oilani reyestrdan chiqarish imkoniyati mavjud.
Yettinchidan, norasmiy band aholini o‘zini o‘zi band qilish tizimi orqali rasmiylashtirish ishlari jadallashtiriladi.
Sakkizinchidan, 400 dan ortiq tadbirkorlar kambag‘allikni qisqartirishga ko‘maklashish tashabbusi bilan chiqqan.
To‘qqizinchidan, 1 ming 497 nafar rahbar o‘zlariga biriktirilgan oilalar bilan manzilli ishlash bo‘yicha har oy tahlil kiritib boradi.
O‘ninchidan, “Xitoy tajribasi” asosida 1 ming 768 ta oilaning bandligi ta’minlanadi.
Jumladan:
— o‘rmon fondi yerlari orqali — 777 ta;
— quyosh fotoelektr stansiyalari orqali — 812 ta;
— turizm sohasida — 77 ta;
— raqamli texnologiyalar orqali — 102 ta oila band qilinadi.
Hurmatli hamkasblar!
Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarmagan rahbarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.
Biz har kunlik monitoring tizimini yo‘lga qo‘ydik va yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasini 2 foizga tushirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni belgilab oldik.
Ushbu vazifalar ijrosini viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari O. Tursunov kunlik nazoratga oladi.
Aziz yurtdoshlar!
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Toshkent viloyatini yanada rivojlantirish yo‘lida barchangizga kuch-quvvat, g‘ayrat va muvaffaqiyat tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
