Korrupsiyaga qarshi kurashda gender tengligining o‘rni muhokama markazida
2026-05-15 14:45:00 / Korrupsiyaga qarshi kurash targ'ibotlari

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda, hamda Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida “Korrupsiyaga qarshi faoliyatga gender yondashuvini qo‘llash” mavzusida amaliy trening tashkil etdi. Treningda ayollar boshchiligidagi NNTlar, davlat organlari vakillari va ijtimoiy faollar ishtirok etdi. Tadbir korrupsiyaning ayollar va erkaklarga turlicha ta’sirini chuqurroq anglashhamda korrupsiyaga qarshi choralarni yanada inklyuziv, shaffof va samarali qilishga qaratildi.
Trening davomida genderga oid korrupsion xatarlarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha amaliy yondashuvlar, shuningdek genderga sezgir yondashuvlarni korrupsiyaga qarshi siyosat va professional faoliyatda qo’llash masalalari muhokama qilindi. Sessiyalarda korrupsiya nafaqat poraxo‘rlik yoki moliyaviy suiiste’mol, balki bosim, qaramlik, ta’sirdan foydalanish, majburlash va jinsiy ekspluatatsiya orqali hokimiyatni suiiste’mol qilish sifatida ham ko‘rib chiqildi. Muhokamalarda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (UNCAC), shuningdek O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi qonunchiligiga ham murojaat qilindi.
Resurslar, xizmatlar, qarorlar qabul qilish va iqtisodiy imkoniyatlardan teng foydalanmaslik tufayli korrupsiya ayollar va erkaklarga turlicha ta’sir ko‘rsatishiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya, biznes va davlat xaridlari sohalaridagi korrupsion xatarlarni, shuningdek norasmiy to‘lovlar, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va siyosiy ta’sir oqibatlarini muhokama qildi. Shuningdek, sextortion, ya’ni xizmat yoki imkoniyatlar evaziga jinsiy xizmat talab qilish bilan bog‘liq yashirin korrupsiya shakliga va jabrlanuvchilarning bunday holatlar haqida xabar bermasligiga sabab bo‘ladigan omillarga alohida urg‘u berildi.
Dastur doirasida korrupsiyaning davom etishiga sabab bo‘layotgan kengroq omillar, jumladan, shaffoflik va hisobdorlik tizimlarining zaifligi, iqtisodiy tengsizlik hamda korrupsion amaliyotlarning jamiyatda odatiy hol sifatida qabul qilinishi ham muhokama qilindi. Keyslar va guruh mashqlari orqali ishtirokchilar xavfsiz murojaat mexanizmlari, kuchliroq himoya choralari, shaffof tartiblar, raqamli vositalar va davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi amaliy yechimlarni ko‘rib chiqdi. Alohida sessiyada gender tengligi samarali boshqaruv, jamoatchilik ishonchi va barqaror rivojlanishning muhim asosi ekani ta’kidlandi.
“Azim Tafakkur” NNT rahbari Mahfuza Nosirova trening ishtirokchilarga “korrupsiya va gender tengsizligi o‘rtasidagi bog‘liqlikka yangicha qarash” berganini va korrupsion xatarlar ayollar hamda zaif guruhlarga kundalik hayotda qanday ta’sir qilishini yaxshiroq tushunishga yordam berganini ta’kidladi. U ayniqsa amaliy keyslar va interaktiv mashqlarning foydasini alohida qayd etib, olingan bilimlar kelgusida huquqiy savodxonlikni oshirish va korrupsion xatarlarga sezgirlikni kuchaytirishda foydali bo‘lishini bildirdi.
Toshkent viloyati hokimligi Komplaens xizmati bo‘limi bosh mutaxassisi Nargiza Lutfullayeva, trening davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida “tajriba almashish va yangi professional aloqalarni o‘rnatish uchun ayniqsa foydali bo‘lganini” ta’kidladi. U, shuningdek, amaliy mashqlar genderga sezgir korrupsiyaga qarshi yondashuvlarni ilgari surish uchun zarur ko‘nikmalarni mustahkamlashga yordam berganini qayd etdi.
Tadbir BMT Taraqqiyot Dasturi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan, hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda milliy korrupsiyaga qarshi ekotizimni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etildi. Mazkur loyiha institutsional salohiyatni mustahkamlash, shaffoflik va hisobdorlikni rivojlantirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda inklyuziv va dalillarga asoslangan yondashuvlarni ilgari surish orqali O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.




