“Kovuldi” — sanoat salohiyatining yangi manzili
2026-05-15 18:10:00 / Yangiliklar

2026-yil 15-may – kuni Olmaliq shahrida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yirik investisiyaviy loyihalaridan biri — zamonaviy va yuqori texnologik imkoniyatlarga ega «Kovuldi» oltin saralash fabrikasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida OKMK rahbariyati, mehnat faxriylari, soha mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur fabrikaning ishga tushirilishi mahalliy xomashyo resurslaridan samarali foydalanish, oltin ishlab chiqarish hajmini izchil oshirish hamda mamlakatimiz milliy oltin zahiralarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi fabrika “Kovuldi” va “Quyi-Kenjasoy” konlarida qazib olinadigan ma’danlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, uning yillik quvvati 200 ming tonnagacha ma’danni qayta ishlash imkoniyatini beradi.
Fabrika qurilishi OKMKning “Olmaliqmetallurqurilish” tresti tomonidan amalga oshirildi. Shuningdek, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi, Texnik xavfsizlik tizimi xizmati, Avtomobil transport boshqarmasi, Moddiy-texnik ta’minot boshqarmasi hamda “Kovuldi” koni jamoalari ham qurilish jarayonlarida faol ishtirok etdi.
Loyihalash ishlarida kombinatning Loyiha ishlari boshqarmasi, qurilish jarayonlarini tashkil etishda esa Kapital qurilish boshqarmasining texnik ishlab chiqarish bo‘limi mutaxassislari munosib hissa qo‘shdilar.
Fabrika hududida ikki qavatli ma’muriy-xo‘jalik binosi barpo etildi. Ishchi-xodimlar uchun zamonaviy oshxona, yuvinish xonalari va barcha zarur maishiy sharoitlar yaratildi. Shuningdek, qo‘riqlash xizmati xodimlari uchun alohida qorovulxona qurildi.
Ishlab chiqarish jarayoni uchun flotomashinalar, gidrosiklonlar, tegirmonlar, klassifikatorlar, kontakt chanlari, quyultirgichlar hamda ko‘prikli kranlar kabi zamonaviy texnologik uskunalar o‘rnatildi.
E’tiborli jihati shundaki, fabrikaga o‘rnatilgan qator texnologik uskunalar kombinatning Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodi tomonidan mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarildi.
Ob’yekt hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham amalga oshirildi.
Mazkur fabrikaning ishga tushirilishi natijasida qo‘shimcha 151 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bugungi kunda OKMK tizimida Angren kon boshqarmasi hamda Namangan viloyatidagi Chodak kon boshqarmalarida ham oltin saralash fabrikalari samarali faoliyat yuritmoqda.








