Rim muzokaralari: muhokama markazida chiqindilarni qayta ishlashdan tortib zamonaviy agrotexnologiyalargacha
2026-05-15 15:35:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining Italiya Respublikasiga safari davom etmoqda.
Kecha va bugun delegatsiyamiz 10 ga yaqin kompaniya va tashkilotlar, yirik sarmoyadorlar vakillari bilan muzokaralar olib bordi.
Xususan, Rim shahrida “Hafner” kompaniyasi asoschisi va prezidenti Genri Xafner bilan chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Gamma Meccanica” kompaniyasi vakillari bilan foydali qazilmalarni qayta ishlash yo‘nalishida muzokaralar olib borilgan bo‘lsa, mashhur “Nord Engineering” kompaniyasining strategik rivojlanish direktori va kompaniya aksiyadori Marko Mayragi bilan chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash sohasida istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
“AGCO ITALIA SPA” kompaniyasining biznesni rivojlantirish direktori Djilles Livens bilan uchrashuvda qishloq xo‘jaligi texnikasi, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va sohada kooperatsiyani kengaytirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Muhim muloqotlardan yana biri —Italiya qishloq xo‘jaligi bosh konfederatsiyasi — “Confagricoltura” bosh qarorgohida bo‘lib o‘tdi.
Unda mazkur konfederatsiya vise-prezidenti L. Brondello, “CIVI-Italia” uyushmasi direktori L. Katalano hamda issiqxona sohasida faoliyat yurituvchi “Europrogress” va “Idromeccanica” kompaniyalari vakillari ishtirokida kengaytirilgan davra suhbati tashkil etildi.
Muloqotda agrosanoat, intensiv bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaligi va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Umuman, italiyalik sheriklar, ishbilarmon doiralar vakillari bilan tig‘iz grafik asosida tashkil etilgan uchrashuvlarda investisiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, innovasion texnologiyalarni jalb etish hamda Toshkent viloyatida sanoat va agrosanoat tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muhim takliflar o‘rtaga tashlanib. ularni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.








