Taraqiyot relslari: “Nurafshon – Piskent – Bo‘ka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer” yo‘nalishida yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilishiga start berildi Kirilcha ruscha va ingilizchaga tarjima qilib ber
2026-05-07 10:50:00 / Jamoat transporti

Toshkent viloyatida transport infratuzilmasini tubdan yaxshilash, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan yana bir yirik strategik loyihaga start berildi.
Mazkur temir yo‘l tarmog‘i Nurafshon, Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Boyovut va Yangiyer yo‘nalishidagi hududlarni qamrab olib, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari o‘rtasidagi transport aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Start berish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev, tegishli boshqarma va tashkilot rahbarlari, soha vakillari, nuroniylar, muhandislar va ishchi-xizmatchilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida viloyat rahbari loyihaning texnik va iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan tanishdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur temir yo‘l tarmog‘i Toshkent hamda Sirdaryo viloyatlari o‘rtasidagi transport bog‘liqligini yanada kuchaytirish, aholi uchun qulay va zamonaviy transport xizmatlarini tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyiha doirasida umumiy uzunligi 111 kilometr bo‘lgan yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi barpo etiladi.
Ushbu yo‘nalishda tezyurar elektropoyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarini samarali tashkil etish, shuningdek, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan.
Qurilish ishlari ko‘lami ham salmoqli. Xususan, 7,8 million kub metr tuproq ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, 1 ta tortish podstansiyasi, 3 ta temir yo‘l stansiyasi, 1 ta to‘xtash punkti, 15 ta ko‘prik, 14 ta yo‘l o‘tkazgich hamda qator sun’iy inshootlar qurilishi nazarda tutilgan.
Loyiha yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohalarining rivojlanishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, hududlarning turistik jozibadorligi va ichki iqtisodiy integratsiyasi uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Milliy qadriyatlar va ezgu an’analarga ko‘ra, jonliq so‘yilib, qur’on-tilovatlar qilindi.
Nuroniylar yurt tinchligi, xalq farovonligi va boshlangan xayrli ishlarga omad tilab, qo‘llarini duoga ochdilar.






