Toshkent viloyatida ijtimoiy xizmatlar sifati yangi bosqichga chiqmoqda
2026-04-30 17:45:00 / Ijtimoiy himoya

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorovning Toshkent viloyatidagi muloqotlari davomida hududdagi ijtimoiy himoya tizimini yanada rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha o‘rganildi.
O‘rganishlar O‘rta Chirchiq tumanidagi 124-sonli maktab-internatidan boshlandi. Bu yerda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan 159 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda.
Ular uchun zamonaviy ta’lim muhitini yaratish, inklyuziv resurs markazini tashkil etish hamda kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Shuningdek, viloyatda barpo etilayotgan qator ijtimoiy obyektlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi binosi, ayollarni reabilitatsiya qilish markazi, "Imkon" reabilitatsiya markazi kabi qator muassasalarning qurilish jarayonlari va loyihalari bilan tanishildi.
Muloqotlar davomida Nurafshon shahrida kunduzgi parvarish, reabilitatsiya va erta aralashuv xizmatlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.
Ohangaron shahrida “Muruvvat” internat uyi faoliyati o‘rganilib, mavjud sharoitlarni yaxshilash, rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish hamda xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Shu bilan birga, 7-sonli maktab-internatda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha tikuvchilik loyihasi, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni manzilli qo‘llab-quvvatlash ishlari ham ko‘zdan kechirildi.
Faol xodimlarga agentlikning esdalik sovgʻalari topshirildi.






