Viloyat hokimi Piskentda hayotga tadbiq etilayotga loyihalar, bunyodkorlik ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi
2026-04-29 11:15:00 / Yangiliklar

Zoyir Mirzayev Piskent tumanida amalga oshirilayotgan yirik bunyodkorlik, infratuzilma va ijtimoiy rivojlanish loyihalari bilan joyida tanishdi.
Xususan, “Birlik” mahallasidan o‘tuvchi A-373 xalqaro avtomobil yo‘liga ulanadigan yo‘llarni rekonstruksiya qilish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari uchun muhandislik infratuzilmasini yaratish, markazlashgan kanalizatsiya tizimini barpo etish hamda sug‘orish tizimlarini yaxshilash ishlari ko‘rib chiqildi. Ushbu loyihalar hudud infratuzilmasini tubdan yangilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ma’lumki, sobiq paxta tozalash zavodi hududida zamonaviy tuman markazini barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yerda ko‘p qavatli uy-joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari hamda dam olish maskanlari qurilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha Piskentning yangi qiyofasini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
“Oybek”, “Murotali” hamda “Taraqqiyot” mahallalarida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, sug‘orish tizimini rivojlantirish orqali minglab xonadonlarni suv bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi hamda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash va ariqlarni betonlashtirish ishlari yuzasidan topshiriqlar berildi.
Navoiy nomli mahallada viloyat hokimi aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazib, fuqarolarning taklif va murojaatlarini tingladi. Shundan so‘ng “Nuroniylar” maskanida o‘tkazilgan uchrashuvda tumanda amalga oshirilayotgan loyihalar batafsil taqdim etildi.
O‘rganishlar davomida investisiya loyihalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xitoylik investorlar tomonidan tashkil etilgan zamonaviy pillaxonada ipak qurti urug‘ini yetishtirish va aholi bandligini ta’minlash jarayonlari bilan tanishildi. Viloyat hokimi ushbu yo‘nalishda samaradorlikni oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, “Fayzobod” va “Do‘stlik” mahallalarida hududni obodonlashtirish, mahalla markazlarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash va aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan loyihalar ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, tomorqalardan samarali foydalanish masalasiga alohida urg‘u berildi.
Mahallalarda oqsoqollar, faollar bilan samimiy suhbatlar qilindi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida esa “Krasniy Mayak” agro loyihasi misolida zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulot yetishtirish, eksport salohiyatini kengaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Umuman olganda, Piskent tumanida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik, infratuzilma va investisiya loyihalari hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.









