Ohangaron tumanida zamonaviy uzum plantatsiyasiga tashkil etiladigan press-tur haqida PRESS-RELIZ
2026-04-27 12:05:00 / Press-relizlar
Ohangaron tumanida agrosanoat sohasidagi ilg‘or tajribalarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan tumanning “Shodmalik” mahallasida joylashgan “Driptec” MCHJga qarashli zamonaviy sanoatlashgan uzum plantatsiyasida bo‘lib o‘tdi.
Press-tur davomida jurnalistlar mamlakatimizda ilk bor joriy etilgan “UFO” texnologiyasi asosida tashkil etilgan uzumzor faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur innovatsion yondashuv AQSHning Kaliforniya shtatida qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uzum yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishish, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanish, shuningdek, mahsulot sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Plantatsiyada eksportbop “Avatar” uzum navi yetishtirilmoqda. Ushbu nav o‘zining yuqori sifati, tashqi bozorlardagi talabga mosligi bilan ajralib turadi. Natijada yetishtirilayotgan mahsulotlar xorijiy mamlakatlarga eksport qilinib, hududning eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Bugungi kunda “Driptec” MCHJ tasarrufida jami 322,5 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 26 gektar qismida zamonaviy uzumzor barpo etilgan.
Tadbir davomida ishtirokchilarga agrosanoat sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda eksport geografiyasini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur loyiha mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish va xalqaro bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ulushini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda
