Mirzo Ulug‘bek tumanidagi zamonaviy boshqaruv tizimlari va bunyodkorlik ishlari o‘rganildi
2026-04-27 09:15:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek tumaniga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari hamda zamonaviy boshqaruv tizimlari bilan yaqindan tanishgan edi. Ushbu tashrif davomida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan ilg‘or tajribalarni respublikaning barcha hududlarida keng joriy etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berilgan edi.
Shu maqsadda Toshkent viloyatining 22 ta tuman va shahar hokimlari, tegishli boshqarma hamda tashkilotlar rahbarlari Mirzo Ulug‘bek tumanida amalga oshirilgan mazkur ishlar bilan joyida tanishishdi.
Jarayon davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar batafsil o‘rganildi.
Dastlab, mas’ullar "Bog‘imaydon" mahallasida olib borilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirishdi. Ushbu mahallada bugungi kunda 41 ta ko‘p qavatli uy joylashgan bo‘lib, qariyb 2 mingga yaqin xonadonda 5,5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududda aholining dam olishi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 20 ta bolalar o‘yingohi, 11 ta zamonaviy sport maydonchalari, mini-futbol maydonlari hamda tennis korti barpo etilgan. Bu esa mahalla infratuzilmasini yanada qulay va yashash uchun jozibador hududga aylantirgan.
Shuningdek, mahallada tadbirkorlik muhitini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, 70 dan ortiq kichik va o‘rta biznes sub’yektlari faoliyat yuritmoqda. Natijada 1 ming 48 nafar yoshdan 949 nafari ish bilan ta’minlanib, aholining bandlik darajasi sezilarli darajada oshgan. Bundan tashqari, ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida 2022 yilda ekobog‘ tashkil etilgan bo‘lib, unda qariyb 4,5 ming tup daraxt parvarish qilinmoqda. Bu tashabbus hududning yashillik darajasini kengaytirish va ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Tuman hokimlari va tegishli mutasaddilar tuman hududida rivojlanayotgan gastronomik turizm loyihalari bilan ham yaqindan tanishdilar. Xususan, “O‘zbekiston ovozi” ko‘chasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida mazkur hudud zamonaviy turizm va servis maskaniga aylantirilib, shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirishga erishildi. Umumiy qiymati 40 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha doirasida 165 ta savdo ob’yekti faoliyat yuritmoqda, 89 ta tadbirkorlik sub’yekti esa 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatmoqda.
Eng muhimi, bu jarayon natijasida 2 ming 221 ta yangi ish o‘rni yaratilib, sa’y-harakatlar aholining bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga sezilarli hissa qo‘shgan.
Bundan tashqari tuman hokimligida tashkil etilgan zamonaviy vaziyatlarni boshqarish markazi hamda “Aqlli tuman”, “Xavfsiz tuman” va “AI Davomat” kabi raqamli tizimlar taqdimoti tinglandi. Mazkur innovasion yechimlar hududni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, tezkor qaror qabul qilish hamda aholi murojaatlariga samarali javob berish imkonini yaratmoqda.
Yakunda Toshkent viloyatining 22 ta tuman va shahar hokimlari o‘z hududlarida ham shunday ilg‘or loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda aholi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur amaliy tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.









