Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati BAYONOTI
2026-04-21 19:30:00 / Rasmiy bayonot

Shu yilning 13 mart kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish bo‘yicha muhim topshiriqlar berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 30 mart kuni Toshkent viloyati hokimi rahbarligida tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazildi. Ayni paytda mazkur yig‘ilishdan olingan ayrim kichik lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda aylanmoqda.
Ularda viloyat hokimi aholi murojaatlariga bepisand munosabatda bo‘lgan, ular ijrosida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘ygan mas’ullarga lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan qat’iy choralar ko‘rish taklifini ilgari surgan edi.
Shuni ma’lum qilamizki, aholi murojaatlariga mas’uliyatsizlik bilan qaragan, takroriy murojaatlar ko‘payishiga sabab bo‘lgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi.
Xususan, 11 nafar mas’ul mansabdor shaxs lavozimidan ozod etildi.
Bo‘ka tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
Yangiyo‘l tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
O‘rta Chirchiq tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari shular jumlasidandir.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Toshkent viloyati boshqarmasi tashkiliy-nazorat va axborot tahlil bo‘yicha bosh mutaxassisi; Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish sho‘basi bosh mutaxassisi; Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi maxsus bo‘lim bosh mutaxassisi; Toshkent viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi; O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani, Nurafshon va Yangiyo‘l shaharlaridagi Xalq qabulxonalarining yetakchi mutaxassislari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari ham bekor qilindi.
8 nafar mansabdor shaxsga intizomiy jazo qo‘llandi:
Xususan:
Yangiyo‘l shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
Ohangaron shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
Ohangaron shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari;
Olmaliq shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari;
Chirchiq shahar hokimligi ijro apparati rahbariga “Hayfsan” berildi.
Zangiota tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
Bo‘stonliq tumani hokimligi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi;
Angren shahar hokimligi murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassisiga Oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima qo‘llandi.
Shuningdek, O‘rta Chirchiq tumani hokimining investisiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Piskent tumanidagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchukn qat’iy ogohlantirildi.
Toshkent viloyati hokimligi aholi murojaatlari bilan ishlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yadigan har qanday darajadagi rahbar va hodimlarga nisbatan murosasiz ekanligini eslatib o‘tadi.
Barcha darajadagi rahbar va mutasaddi xodimlarni yana bir bor murojaatlarni o‘z vaqtida, sifatli va adolatli ko‘rib chiqishga chaqiramiz.
Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmaylik!
