Issiqxona xo‘jaliklari faoliyatida yangi tartib va cheklovlar belgilandi
2026-04-20 17:50:00 / Atrof-muhit

Ma’lumki, 2026-yil 25-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini kuz-qish mavsumida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-108-son qarori qabul qilingan edi.
Ushbu hujjatga muvofiq, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi tashkil etilib, mazkur hududda faoliyat yurituvchi issiqxona xo‘jaliklariga qator imtiyozlar va qulayliklar taqdim etilishi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 162-son qaroriga asosan, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida 2026-yil 1-iyundan e’tiboran ko‘mir, mazut va atmosfera uchun zararli bo‘lgan yoqilg‘i turlaridan foydalanishni ko‘zda tutuvchi yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.
Mazkur qarorga binoan, 2026-yil 1-avgustdan boshlab issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi hamda amaldagi shartnomalar belgilangan tartibda gaz ta’minoti korxonalari tomonidan bekor qilinadi. Bundan tashqari, issiqxonalarda foydalaniladigan suv resurslari uchun to‘lovlar eng yuqori tarifning besh baravari miqdorida undirilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-avgustdan boshlab issiqxonalarda yoqilg‘i sifatida ko‘mir, eski shinalar, bitum va shunga o‘xshash moddalarni yoqish natijasida atrof-muhitga zarar yetkazganlik hamda chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari yigirma baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi. Bunday holatlarda tadbirkorlik subyektlariga berilgan ekologik ekspertiza xulosalari qayta ko‘rib chiqiladi.
Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi inspektorlari tomonidan poytaxtga tutash tumanlardagi issiqxona xo‘jaliklari mas’ul xodimlari bilan mazkur talablar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda hamda ularga tegishli ogohlantirishlar berilmoqda.



