Mutaxassislar malakasini oshirishga qaratilgan yangi kelishuvlar
2026-04-20 16:30:00 / Sog'liqni saqlash

Viloyat hokimligida viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov boshchiligida Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari hamda Koreya Respublikasi Kyongido provinsiyasining yetakchi tibbiyot muassasalari rahbarlaridan iborat delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda viloyatdan 16 nafar mutaxassis Kyongido provinsiyasida malaka oshirib, orttirgan ilg‘or tajribalarini amaliyotga samarali joriy etmoqda. Buning natijasida hududda neyroxirurgiya, onkologiya, intervension kardiologiya, koloproktologiya va artroskopiya kabi yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi.
Uchrashuvda tomonlar 2026 yilda ham hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi. Jumladan, neyroxirurgiya, intervension kardiologiya, koloproktologiya, endovaskulyar va endovizual xirurgiya, yuz-jag‘ jarrohligi, bolalar va kattalar artroskopiyasi, torakal va neonatal xirurgiya hamda onkologiya yo‘nalishlarida viloyatdagi 30 nafardan ortiq mutaxassisning malakasini oshirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyida Koreyaga yuboriladigan delegatsiya tarkibiga o‘rta tibbiyot xodimlarini ham jalb etish masalasi muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida koreyalik hamkorlar tomonidan zamonaviy tibbiyot texnologiyalarini O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish imkoniyatlari yaratilayotgani ta’kidlandi. Bu borada hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.
Shu bilan birga, Koreyada malaka oshirib qaytgan mutaxassislarning Nurafshon shahrida tashkil etilayotgan tibbiyot klasterlarida faoliyat yuritishi belgilandi. Ushbu tashabbus viloyat markazida yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.




