Nurafshon — investitsiya va sanoat hamkorligi uchun jozibador hudud
2026-04-17 19:20:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimining o'rinbosari Otabek Sultonbekov, Nurafshon shahar hokimi Ilhom Klichxanov hamda Polsha davlatining Plotsk shahar meri Andjey Novakovskiy boshchiligidagi delegatsiya a'zolari o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Dastavval mehmonlarga Nurafshon shahrining investitsiyaviy muhiti, iqtisodiy salohiyati va istiqbolli loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Taqdimot davomida sanoat zonalari, zamonaviy infratuzilma, qulay geografik joylashuv hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, hududda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va kelgusidagi rejalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Muloqot davomida tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, turizm, madaniyat va sport sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Ayniqsa, sanoatning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan metallurgiya sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari alohida qayd etildi. Bu borada texnologiyalar almashinuvi, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish hamda mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mehmonlar nafaqat investitsiya yo‘nalishida, balki boshqa sohalarda ham hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar bildirdilar. Xususan, ta’lim, innovatsiya, madaniy almashinuv va turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish orqali ikki shahar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash mumkinligi ta’kidlandi.
Uchrashuvdan so‘ng delegatsiya a’zolari Nurafshon shahri hududdagi yirik sanoat korxonalari, ijtimoiy obyektlar hamda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlar shahar infratuzilmasi va yaratilgan sharoitlarga ijobiy baho berdilar.
Yakunda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, investitsiya loyihalarini kengaytirish hamda turli sohalarda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.





