“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi – bitiruvchi talabalar uchun real natijalar maydoniga aylanmoqda
2026-04-16 13:50:00 / Ochiq muloqot

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlashga bag‘ishlangan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda barcha tuman va shahar hokimi o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, bank-moliya muassasalari mas’ullari hamda universitet rahbariyati ishtirok etdi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuvda viloyat hokimi bitiruvchi yoshlarni samimiy tabriklab, ularning kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Muloqot davomida so‘nggi yillarda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilgan imkoniyatlar va yangi tashabbuslar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ayni vaqtda mazkur universitetda Toshkent viloyatidan 1 412 nafar bitiruvchi tahsil olmoqda. Shundan 827 nafari davlat va xususiy sektorda rasmiy ish bilan band bo‘lsa, 227 nafari o‘zini o‘zi band qilgan, 50 nafari bola parvarishida.
Uchrashuv davomida talabalar bandlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, imtiyozli kreditlar, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Mas’ullar tomonidan har bir murojaatga aniq va amaliy javoblar berildi. Ayrim bitiruvchilar esa shu joyning o‘zida tegishli rahbarlarga biriktirilib, ularni ishga joylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Bitiruvchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan ish o‘rinlari bo‘yicha bevosita ish beruvchilar bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida o‘z soha mutaxassisligi bo‘yicha viloyat tashkilot rahbarlari, tuman va shahar hokimligi mas’ullari tomonidan ishga qabul qilish yuzasidan 70 nafar bitiruvchi talabaga kafolatlangan sertifikatlar topshirildi.
Muloqot yakunida Toshkent viloyati hokimligi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Memorandum imzolandi.









