Har bir murojaatga tizimli yondashuv – bugunning muhim talabi
2026-04-06 18:40:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati hokimligida Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev rahbarligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika Bosh prokurori o‘rinbosari Bahodir Normurodov, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, viloyat, tuman va shahar hokimliklari mutasaddilari, boshqarma va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda 2026 yil 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi hamda hududda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Mavjud kamchiliklar ochiq muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 1 aprelda qabul qilingan “Aholi bilan muloqot qilish tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati yig‘ilish ishtirokchilariga atroflicha tushuntirildi.
Farmonga muvofiq, murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, muammolarning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish, rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, joylarda sayyor qabullar va ochiq muloqotlarni tizimli tashkil etish ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgani alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Toshkent viloyatida murojaatlar soni yuqoriligicha qolayotgani, ayrim hollarda murojaatlar o‘z vaqtida hal etilmayotgani sababli takroriy murojaatlar ko‘payib borayotgani qayd etildi.
Ayniqsa, aliment va ijro ishlari, nafaqa va moddiy yordam, davlat xizmatlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, elektr ta’minoti hamda kredit masalalari bo‘yicha murojaatlar salmoqli o‘rinni egallamoqda.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga har bir murojaatni manzilli hal etish, ortiqcha sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslik, muammolarning ildiz sabablari bilan ishlashni kuchaytirish va murojaatlar ijrosini qat’iy nazoratga olish hamda bu borada “Toshkent viloyati tajribasi”ni yaratish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Viloyatda aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida har bir tuman va shaharda alohida shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.









