Bolalar va oilalar uchun yangi imkoniyatlar
2026-04-06 15:05:00 / Ijtimoiy himoya

2025-yil 1-martdan boshlab Respublikaning 7 ta hududida, jumladan Ohangaron shahrida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironlikka ega bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida parvarish xizmati olib borilmoqda. Xizmat faoliyatini amalga oshirish orqali bolalarning jismoniy, ruhiy holati o'zgarish kuzatilmoqda hamda ularning ota-onalari uchun ham imkoniyatlar yaratilmoqda. Tizim ijtimoiy moslashuv, reabilitatsiya hamda madaniy faoliyatlar tashkil etish orqali bolalar va oilalar uchun foydali natijalar berish arafasida.
Bolalar va oilalar uchun yangi imkoniyatlar
Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan, 2025-yil 1-martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich respublikaning 7 ta hududida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilmoqda.
Jumladan, Ohangaron shahridagi “Bo‘ston” mahallasida ham ushbu xizmat yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik asosida samarali faoliyat olib bormoqda.
Markazga jalb etilgan bolalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Masalan, Quvonchbek tengdoshlarining ismini ayta boshladi, Islombek o‘yinchoqlardan uy yasab o‘ynamoqda. Ilgari bolalardan begonasiragan Malika esa hozir ular bilan do‘st bo‘lib ketgan.
— Bolalarning jismoniy va ruhiy holati bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda. Ularni tarbiyalashning o‘ziga yarasha mas’uliyati va sharafli jihatlari bor. Ulardagi kichik o‘zgarishlar qalbimni quvontiradi, — deydi tarbiyachi Marjona Xoliqova.
Ijtimoiy moslashuv, reabilitatsiya, ta’limiy va madaniy faoliyatlar uyg‘unligida tashkil etilgan mazkur xizmat bolalarning hayot sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, bunday maskanlar nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ilgari nogironligi bo‘lgan farzandi parvarishi bilan band bo‘lgan, biroq ishlash istagidagi oilalar endilikda o‘z kasbiga qaytish, moddiy va ma’naviy jihatdan mustahkamlanish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Toshkent viloyatining boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich kengaytirilayotgan ushbu xizmat tizimi jamiyatimizda mehr-oqibat, e’tibor va inklyuziv tamoyillarning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.




