Toshkent viloyatida tergov sifatini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi
2026-04-03 15:35:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbir davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida hamda 2026 yil 27 yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.
Seminar doirasida Toshkent viloyati prokuraturasi huzurida tashkil etilgan “Tergov poligoni” o‘quv maydoni ko‘zdan kechirildi. Ushbu maydon tergovchilarning nazariy va amaliy bilimlarini oshirish, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirda Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari, viloyat sudi sudyalari, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Bosh prokuratura va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mas’ul xodimlari, shuningdek viloyat prokuraturasi rahbarlari, tuman-shahar prokurorlari o‘rinbosarlari, tergovchilar, ichki ishlar organlari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari ishtirok etdi.
“Tergov poligoni”da jami 7 ta maxsus o‘quv xonasi mavjud. Ularda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish, yo‘l-transport hodisalari (virtual reallik asosida), qotillik, is gazidan zaharlanish, yong‘in holatlari, o‘zini osish holatlari hamda o‘qotar va sovuq qurollar bilan ishlash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Mazkur sharoitlar turli vaziyatlarni modellashtirish orqali tergovchilarning amaliy tajribasini boyitishga xizmat qiladi.
Shuningdek, seminar davomida tajribali mutaxassislar tomonidan jinoyat ishlarini sudda ko‘rish jarayonida uchrayotgan kamchiliklar, elektron dalillarni raqamli kriminalistika asosida to‘plash va mustahkamlash usullari, axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish xususiyatlari haqida ma’ruzalar taqdim etildi.
Bahs-munozaralarga boy o‘tgan tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Seminarda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B. Valiyev, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev qatnashdi.




