Xavfsizlik va harbiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi
2026-04-02 16:00:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimligida 2026 yil 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan Toshkent harbiy okrugi sayyor Harbiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov, Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuxamedov, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Toshkent harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni Zokirjon Sayfudinov, shuningdek tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlari, tuman va shahar hokimlari, harbiy qism komandirlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda, eng avvalo, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, bu boradagi ustuvor vazifalarni joylarda samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, “Bir million dasturchi” hamda “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida 5 ming nafar harbiy xizmatchilarni zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida o‘qitishni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, bu kabi bilim va ko‘nikmalar harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlar bilan manzilli ishlarni tashkil etish, ularni jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunarga o‘qitish orqali hayotda mustahkam o‘rin topishiga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Yig‘ilishda muddatli harbiy xizmatchilarni xizmat davomida kamida bitta kasb egallashiga qaratilgan professional tayyorgarlikning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi mavjud imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, yurt tinchligi, xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilarning bilim va kasbiy salohiyatini oshirish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.






